11:54 / 16.11.2021
3 282

Andijonda otasi tomonidan muntazam zo‘rlab kelinganini aytgan qizning vajlari tasdiqlanmadi

Andijonda otasi tomonidan muntazam zo‘rlab kelinganini aytgan qizning vajlari tasdiqlanmadi
Otasi tomonidan zo‘rlanganini aytgan andijonlik qizning zo‘rlangani tasdiqlanmagan, ish 9 oy avval yopilgan, deb xabar bermoqda «Daryo» nashri.

2021 yilning yanvar oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida yashovchi voyaga yetmagan qiz otasi tomonidan zo‘rlab kelingani haqida video tarqalgandi. Shundan so‘ng Bosh prokuratura holat yuzasidan tekshiruv boshlangani, tekshirish jarayoni viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani ma’lum qilingan. Oradan o‘n oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov harakatlari natijasi yuzasidan ommaviy axborot vositalarida hech qanday qo‘shimcha yoki yakuniy ma’lumot berilmagandi. «Daryo» muxbiri viloyat prokuraturasi axborot xizmati bilan bog‘lanib, tergov harakatlari yakuni bo‘yicha ma’lumot taqdim etishni so‘radi.

Qizning aytishicha, otasi 43 yoshli T.A. uni ilk bor 9-sinfda o‘qiyotgan paytda oyoq-qo‘lini bog‘lab, zo‘rlagan va «Yo men bilan bo‘lasan yo bu uyda yashamaysan», deb po‘pisa qilgan. Shundan so‘ng ota o‘z qizini muntazam zo‘rlab, kaltaklab kelgan.

Qizning onasi 2010 yilda vafot etgach otasi boshqa ayolga uylangan. Qiz bu haqda qo‘shnilari, o‘gay onasi, qarindosh-urug‘lariga ham aytgan. Biroq hech kim yordam bermagan, balki uni yolg‘onchilikda ayblashgan. 2020 yilning avgust oyida Abdumalik ismli profilaktika inspektoriga murojaat qilgan.

Ta’kidlanishicha, ichki ishlar xodimi otaga og‘zaki ogohlantirish bergan, xolos. Keyinroq esa inspektor «Telefon yoki kameraga tasvirga tushirib ber, shundagina unga qarshi jinoiy ish ochaman», deb maslahat bergan. Qizning aytishicha, ichki ishlar organlari, mahalla qo‘mitasi, xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchilari ham bunga nopisandlik qilmoqda. Mas’ul organlar buni isbotlashni qizning o‘zidan so‘rashmoqda.

Uyida muntazam haqoratlangan, zo‘rlangan o‘smir maktabga ham muntazam qatnay olmagan. O‘z joniga qasd qilishga bir necha bor uringan.

Viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, mazkur holat tuman ichki ishlar bo‘limida jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni qayd qilish to‘g‘risidagi «Shakl-2» jurnalida 2021 yil 19 yanvar kuni qayd qilingan.

Holat yuzasidan tezkor-tergov guruh vakillari hodisa joyga chiqqan holda ko‘zdan kechirilgan. Ko‘zdan kechirish davomida hodisa sodir bo‘lgan uydagi otasi tomonidan zo‘rlanganini aytgan qizning yotoqxonasidan 2 dona to‘shak, 2 dona ayollar ichki kiyimlari ashyoviy dalil tariqasida olingan. Olingan ashyoviy dalillar yuzasidan sudga oid biologik hamda fizika-texnika ekspertizalari tayinlangan.

Fuqaro T.A.ning tanasida zo‘rlik belgilaridan qolgan tan jarohatlari bor-yo‘qligi hamda uni jinsiy aloqa qilish layoqatiga qodir ekanini aniqlash yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan va xulosasi olingan.

Holat bo‘yicha R.Yo.ning otasi T.A.dan tushuntirish xati olingan vaqtda u qizi ijtimoiy tarmoqqa qilgan murojaatidagi holatlar bo‘lmaganini, ya’ni u qizini zo‘rlab nomusiga tegmaganini, qiziga nisbatan hech qachon bunday uyatsiz, buzuq harakatlar qilmaganini, hozirda qizi unga tuhmat qilayotganini bildirgan. Qizning o‘gay onasi I.M. ham shunday tartibda tushuntirish bergan.

Bundan tashqari, otasi tomonidan zo‘rlanganini aytgan qiz ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holatdan MFY raisi, uning maslahatchisi hamda profilaktika inspektorlari ham xabardorligini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, ular mazkur holat yuzasidan hech qanday ma’lumotga ega emasliklarini, ularga R.Yo. yuqoridagi holat yuzasidan umuman murojaat qilmaganini bildirishgan.

Otasi tomonidan zo‘rlanganini aytgan qizdan himoyachisi I.K. ishtirokida tushuntirish xati olingan vaqtda, otasi uni 9-sinfligidan buyon yashash uyidagi xonasida zo‘rlab, u bilan jinsiy aloqa qilib kelganini ma’lum qilgan. Bu haqda kimgadir aytsa, otasi uni o‘ldirib yuborish bilan qo‘rqitgani, sodir bo‘lgan voqealarni isbotlash uchun dalili bo‘lmagani sabab ijtimoiy tarmoqlarga murojaat joylashtirganini ta’kidlagan.

R.Yo. sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilgan va mutaxassislar ko‘rigiga qo‘shimcha yo‘llanmalar yozib berilgan hamda sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi olingan.

Sud-tibbiy ekspertizasining 2021 yil 15 fevral kungi xulosasidaR.Yo. ning qizlik pardasining anatomik butunligi buzilmagani aniqlangan. Shuningdek, qizlik pardasining anatomik tuzilishi, (yoyiluvchan va cho‘ziluvchan ekani) uni buzilmasdan turib jinsiy aloqa qilishiga yo‘l qo‘yishi mumkinligi ham ta’kidlangan.

Bundan tashqari, otasi tomonidan zo‘rlanganini aytgan qizning badanlarida, jinsiy a’zosida, og‘iz bo‘shlig‘ida tan jarohati va uning izlari hamda olingan tamponlarda sud biologik tekshiruvda spermazoidlar topilmagan.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan 2021 yilning 18 fevral kuni tuman ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksning 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga (uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagani) asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Andijonda otasi tomonidan muntazam zo‘rlab kelinganini aytgan qizning vajlari tasdiqlanmadi