1 568
Deputat dollarni «qora bozor»da almashtirishga majbur bo‘lganini yozib, Markaziy bankni tanqid qildi
Foto: Telegram / Rasul Kusherbayev
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev 27 noyabr kuni Facebook’da jonli efirga chiqib, o‘zi istiqomat qiladigan Yangiyo‘l shahrida bir soat davomida valyuta ayirboshlash shoxobchasini qidirganini, biroq ularning barchasi yopiq ekanini ma’lum qildi, deb yozadi «Gazeta.uz».
«Odamlarning shanba kunlari ko‘proq bo‘sh vaqti bo‘ladi va narsa xarid qilishga chiqishi mumkin. Turistlarni ham vaqti bo‘lsa shu kunlari aylanadi. Lekin bizning banklarimizning valyutani ayirboshlash shoxobchalari shanba, yakshanba kunlari ishlamas ekan. Markaziy bankimizning shu muammoni hal qilib bermay shu paytgacha yurganiga qoyil qolsangiz bo‘ladi», — deydi u.
U 100 dollarlik kupyuradan faqat 50 dollarini almashtirishi kerak bo‘lgan. Naqd dollarni almashtiruvchi yagona bankomat esa qaytim bermaydi. Banklar deputatga dam olish kunlari ularda tizim o‘chishini ma’lum qilgan.
«Men o‘zim xohlamagan holda ‘qora bozor’ni qidirib, 50 dollarni qaytim bilan olishim uchun jinoyatga yo‘l qo‘yib, noqonuniy valyuta ayirboshlashim kerak… Hozir menga guvoh bo‘lib turasizlar deb, bankning vakillarini chaqirdim», — deydi deputat.
«Markaziy bank mana shu sharoitni qilib bermagani uchun fuqarolar javobgar bo‘lib ketadigan ahvolda turibdi. Ya’ni Markaziy bank yaratib qo‘ygan tizimi oqibatida ‘qora bozor’ yo‘qolmayapti… Shuncha paytdan beri javobgar bo‘lib ketgan fuqarolar bo‘lsa, hammasining nomidan Markaziy bankka kattadan-katta rahmat, shular sababchi bo‘lgan», — deya ta’kidlagan Rasul Kusherbayev.
«Agar chet ellik turist kelsa, shanba—yakshanba kuni rasvosi chiqar ekan. Men O‘zbekistonda yurib, 1 soatdan beri shu ahvolda yuribman. Bu sharmandalik-ku… Ishongim kelmaydi. Nahotki, shanba—yakshanba kuni kassalarni, ayirboshlash shoxobchalarini ishlatib qo‘yish qiyin?», — deya savol bilan yuzlandi u.
Rasul Kusherbayev keyinroq, guvohlar ishtirokida «qora bozor»dan 100 AQSH dollarining 50 dollarini so‘mga almashtirib olganini ma’lum qilgan.
«Holatdan xulosa shuki, har qanday vaziyatda ham fuqarolar huquqbuzarlik qilmasliklari uchun ularni shuni qilishga majbur qiluvchi barcha sabablar bartaraf etilishi shart. Bo‘lmasa adolat nuqtai nazaridan javobgar sharoit yaratmagan tomonning bo‘ynida bo‘ladi», — deb yozadi deputat.
U, shuningdek, agar uni valyutani noqonuniy ayirboshlagani uchun javobgarlikka tortishsa, sud zalida Markaziy bank ham u bilan birga javob berishini aytgan.
«Eplamasa nima qilib yuribdi shu kungacha? O‘zlari ham yurib ko‘rsa bo‘lardi, dam olish kunlari odamlar qanday hayot kechiryapti, nima bo‘lyapti, chet eldan qancha odam keladi — hammasi qiynalib yuribdi», — dedi Rasul Kusherbayev.
«Yechim — bozor»
Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida yuqoridagi vaziyatga izoh berar ekan, muammoning yechimi borligini, u butun dunyoda ishlashini, biroq «o‘ta ijtimoiylashgan maqsadlari bor» O‘zbekistonda ishlamasligini ta’kidlagan.
«Kusherbayev yuz foiz haq, iste’molchi mijoz sifatida ham, saylovchilaridan mandat olgan deputat sifatida ham. Qani endi har bir deputat shunday bo‘lsa», — deydi u. Shundan so‘ng, u nega tijorat banklari shanba—yakshanba kunlari, kechki va tungi vaqtlarda ayirboshlash shoxobchalarini ishlatmasligi sabablariga to‘xtalgan.
Birinchidan, dam olish, bayram kunlari, kechki va tungi vaqtlarda xodimlarni kamida 2 karra haq to‘lab jalb qilish kerak bo‘ladi. Bu kassirlarga ham, nazoratchi, qo‘riqchi va inkassatsiyaga ham taaluqli. Ya’ni shoxobchalarning dam olish, bayram kunlari va tungi vaqtlarda ishlashi mehnat sarfi o‘rtacha 2 barobar yuqori.
Ikkinchidan, dam olish, bayram kunlari va tungi vaqtlarda ayirboshlash operatsiyalari hajmi boshqa vaqtdagiga nisbatan karrasiga kam. Bu tajriba, amaliyot va kuzatuvlar tarzida aniqlangan holat, deya qayd etadi Otabek Bakirov.
Ta’kidlashicha, valyuta operatsiyalariga eng asosiy talab hosil qiluvchilari — mokkilar, o‘rta va mayda tadbirkorlar, yosh, texnologik mijozlar operatsiyalarini yo ish kunlari o‘tkazishadi yoki dam olish kunlari esa ular onlayn tarzda operatsiya o‘tkazishni ma’qul ko‘rishadi. Chunki ular uchun shu qulay va afzal.
«Ko‘ryapsizki, dam olish, bayram kunlari, kechki va tungi vaqtlarda ayirboshlash shoxobchalarining xarajatlari karrasiga ko‘p, daromadlari esa karrasiga kam, moliyaviy natija esa doim manfiy. Ya’ni ularning bu vaqtda ishlamasligi asl sababi sof tijoriy nuqtalarga borib taqaladi», — deya yozdi u.
Iqtisodchi yechim bor yoki yo‘qligini so‘rab, keyin o‘zi shu savolga javob berdi: «Yechim bor. Bu yechim butun dunyoda amalda. Faqat biz o‘ta ijtimoiylashgan maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganimiz uchun bu yo‘ldan yurishga doim hadiksiraymiz. Yechim — bozor».
«Odatda butun erkin dunyoda va ayniqsa turistik mamlakatlarda ayirboshlash shoxobchalari dam olish kunlari va tungi vaqtlarda valyutani juda arzon sotib oladi va juda qimmat sotadi. Shu bilan o‘zining marjinalligini ta’minlaydi. Shartli aytsak, ish kuni dollarni 10 750 so‘mdan sotib olayotgan bank shoxobchasi dam olish kunlari dollarni 10 650 so‘mdan sotib oladi. Xuddi shunday, ish kuni dollarni 10 800 so‘mdan sotayotgan bank shoxobchasi dam olish kunlari dollarni 10 900 so‘mdan sotadi. Shu bilan hajm kamligidan yutqazadiganini kurs farqi orqali qoplaydi», — deya tushuntirdi u.
«Dunyoning istalgan mamlakatida tunda aeroportdan tushganingizda eng noqulay kurslarga ro‘para bo‘lasiz, mehmonxonalarda ham shunday. Nega bizda bunday qilinmaydi? Sababi oddiy — ijtimoiy omillar sabab banklar minimal marjinallikni, qisqa koridorni ushlash yo‘lidan yurishadi. Tabiiyki o‘zlarining qadamlariga o‘zlari qurbon bo‘lishadi. Siz dam olish kunlari valyutangizni, masalan 100 so‘m arzonroqqa sotib, valyutani 100 so‘m qimmatroqqa sotib olishga tayyormisiz?», — deb yozadi Otabek Bakirov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yil avgust oyida ko‘p yillardan beri birinchi marta chet el valyutasini naqd ko‘rinishda sotib olishga ruxsat berildi. Bunga qadar odamlar dollarni faqat xalqaro bank plastik kartalari orqali (Visa, MasterCard va boshqalar) sotib olishlari mumkin edi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»