23:05 / 13.12.2021
2 624

Yuzlab o‘zbekistonlik ayollarni Saudiyaga sotib yuborgan guruh faoliyati fosh etildi

Yuzlab o‘zbekistonlik ayollarni Saudiyaga sotib yuborgan guruh faoliyati fosh etildi
Foto: AFP/Getty Images
«M — Consulting-Agency» xususiy bandlik agentligi o‘zbekistonlik ayollarni Saudiya Arabistoniga uy xizmatchisi sifatida noqonuniy ishga yollash bilan shug‘ullanib kelgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu XBA 2019 yilda ochilgan, lekin 2021 yil mart oyida faoliyatida qonunbuzarliklar uchun Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan litsenziyasi to‘xtatilgan. Shunga qaramasdan agentlik joriy yilning mart oyidan hozirga qadar Saudiyaning «Maktab Qasrul Ixtiyar Lilistiqdam» va «Al-Najmah Al-Masia» kompaniyalari bilan hamkorlikda eski sana bilan soxta shartnomalar tuzib O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan 100 ga yaqin ayolni ushbu mamlakatga uy xizmatchisi sifatida yuborgan.

Deyarli barcha ayollar ularning yo‘l xarajatlarini avans sifatida qoplash va shartnomada kelishilgan muddatdan so‘ng qaytarish sharti bilan saudiyalik ish beruvchilarga 7-12 ming dollarga sotilgan. Shuningdek, Saudiyaga yuborilgan ayollar uy xizmatchisiga muhtoj boshqalarga ham qayta sotish holatlari uchrab turgan.

«M — Consulting-Agency» xususiy bandlik agentligining har bir ayoldan oladigan sof foydasi 3-5 ming dollar miqdorida bo‘lgan.

Agentlik xizmatidan foydalanuvchi fuqaro tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ish vaqtidan ortiqcha ishlatish, kuch bilan ushlab turish, jinsiy zo‘ravonlik, qo‘pol muomala qilinayotgani, hujjatlari va qo‘l telefoni olib qo‘yilgani borasida ko‘p sonli murojaatlar kelib tushgan.

Uyushgan jinoiy guruhning faoliyatidan jabr chekayotgan fuqaroning ushbu murojaatlari asosida IIV tergov departamenti Jinoyat kodeksining 135-moddasi ikkinchi qismi (Odam savdosi) hamda 168-moddasi 4-qismi (Firibgarlik) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Hozirgi vaqtda jinoiy ish doirasida uch kishi ayblanuvchi sifatida ishga jalb qilingan:
- «Migration-Consulting-Agency» xususiy bandlik agentligi direktori X.B.;
- Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq xodimi, XBAning «soyadagi rahnamosi» I.I;
- XBA va saudiyalik ish beruvchilar o‘rtasida vositachi bo‘lgan Suriya fuqarosi A.Atrash.

Jinoiy ish doirasida tergov harakatlari davom etmoqda. Shuningdek, tezkor-tergov harakatlari davomida 24 nafar jabr chekkan fuqaroning arizalari rasmiylashtirib olingan.

IIV Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mas’ul vazirlik hamda idoralar bilan Qirollikda qiyin ahvolda qolgan ayollarni ortga qaytarish borasida harakatlarni olib bormoqda. Xususan, hozirga qadar jinoiy guruh tomonidan Saudiyaga aldov yo‘li bilan yuborilgan 53 nafar ayol O‘zbekistonga qaytarildi.

Tergov jarayonlarida ma’lum bo‘lishicha, «M — Consulting-Agency» XBA ayollarni haftada bir kun dam olish kuni va kunlik 12 soatdan ko‘p bo‘lmagan ish deya aldab yuborgan. Lekin Saudiyaga borgach ayollar haftada dam olish kunisiz, 14-20 soatgacha ishlashga majbur bo‘lgan. Saudiyadagi uy egasiga bo‘ysunmaganlar migrantlar uchun ma’muriy qamoq bilan qo‘rqitilgan.

Shu sababli xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolardan shartnoma shartlarini va borayotgan mamlakatlari qonunchiligini yaxshilab o‘rganish tavsiya etiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yuzlab o‘zbekistonlik ayollarni Saudiyaga sotib yuborgan guruh faoliyati fosh etildi