18:02 / 20.12.2021
1 292

«Bir kilo vazn tashlaganga 500 ming so‘m beramiz» - Xayrullo Bozorov

«Bir kilo vazn tashlaganga 500 ming so‘m beramiz» - Xayrullo Bozorov
Farg‘ona viloyatida aholini sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish maqsadida yangi tajriba yo‘lga qo‘yiladi. Agar ortiqcha vaznga ega rahbarlar va fuqarolar vazn tashlasa, ularga ma’lum miqdorda pul mukofoti to‘lanadi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov xalq deputatlari viloyat kengashining 38-sessiyasida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Daryo» nashri.

«Eng katta xatomiz – sog‘lom turmush tarziga rioya qilmasligimiz. Farg‘ona tajribasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdim. Qaror va nizom qilyapmiz. Ortiqcha vaznga ega rahbar yil davomida 5 kilodan boshlab 10-15 kilogacha vazn tashlasa, biz unga pul mukofoti beramiz.

Uning tartibi qanaqa bo‘ladi? Har bir shahar-tumanda alohida komissiya bo‘ladi. Masalan, bir rahbar yo fuqaro o‘zi yashaydigan hududdagi poliklinikaga boradi va bugungi sana bilan ro‘yxatdan o‘tadi. Vaznini o‘lchatib, yozdirib qo‘yadi. Agar o‘sha odam olti oydan keyin 5 kiloga ozsa, biz unga eng kamida 2,5 million so‘m pul beramiz. Tasavvur qiling, 1 kilo vazn tashlaganga besh yuz mingdan to‘laymiz. O‘zi kulgili, lekin shunday qilmasak bo‘lmaydi. Bu ham Farg‘ona tajribasi bo‘ladi. 5 kilo vazn tashlasa 2,5 million, 10 kilo vazn tashlasa, 5 million pul oladi. Keyin unga pul berishning hojati qolmaydi. 10 kilo vazn tashlasa, o‘zi ham yengil bo‘lib qoladi. Dunyoga boshqacha ko‘z bilan qarashni boshlaydi.

Odamlarga sport bilan shug‘ullanishni, hech bo‘lmasa, piyoda yurishni o‘rgatishimiz, targ‘ib qilishimiz kerak. Kuniga ming qadam yursang, qanaqa bo‘lasan, kuniga besh ming qadam yursang, qanaqa bo‘lasan? Agar kuniga o‘n ming qadam yurishni odat qilsang, qanaqa bo‘lasan? Biz shuni ko‘rsatib berishimiz, farqini tushuntirib berishimiz kerak. Shuni tushunib yetgan odam har kuni o‘n ming qadam piyoda yurishga harakat qiladi
», — deydi viloyat hokimi.

Viloyat rahbari aholini keng ko‘lamda madaniy va sport tadbirlariga jalb etish, sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanish masalasiga o‘rgatish kerakligini ta’kidlagan.

«Sport sog‘lom turmush garovi ekanligiga bir misol keltirmoqchiman. Yaqinda viloyatimizga tashrif buyurgan Yaponiya investorlari bilan uchrashuvda ko‘rinishidan 60-65 yoshga o‘xshaydigan ikki nafar investorlar e’tiborimni tortdi. Surishtirib bilsam, biri — 76 yosh, ikkinchisi esa 81 yoshda ekan.

Buning sirini so‘raganimda, 76 yoshdagisi har kuni 1 soat elektron yugurish yo‘lakchasida yugurishini, 81 yoshdagisi esa har kuni ertalab 10 kilometr piyoda yurishi va to‘g‘ri ovqatlanishini aytdi
», — deya qayd etadi Xayrullo Bozorov.

Shuningdek, viloyat hokimi «Sog‘lom bo‘laman desang yugur, chiroyli bo‘laman desang yugur, uzoq umr ko‘raman desang yugur» degan shiorni eslatib o‘tgan. «Yaponlar misoli biz hali hech nima qilmaganligimizni ko‘rsatdi. Shuning uchun aholini dam olishga ham, sportga ham o‘rgatish kerak. Bu borada hokimlar, o‘rinbosarlar, madaniyat, sport, televideniye, sog‘liqni saqlash, mahalla raislari faol bo‘lishi zarur», — deydi hokim.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 253-sonli qaroriga muvofiq, aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish bo‘yicha «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi, ya’ni «1hls.uz» veb-sahifasi hamda mobil ilovasi ishga tushirilgandi. Sentabr o‘rtalariga kelib, «1hls.uz» mobil ilovasi foydalanuvchilariga pul to‘lashni vaqtincha to‘xtatgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bir kilo vazn tashlaganga 500 ming so‘m beramiz» - Xayrullo Bozorov