Foto: Halfpoint / Shutterstock
Qishda doimiy ravishda shamollash organizm duch kelishi mumkin bo‘lgan yagona xavf emas. E’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan boshqa jihatlar ham mavjud.
Qishda organizmda nimalar sodir bo‘ladi?
Qorbo‘ron o‘ynash, qor bola yasash va snoubordlarda uchish juda maroqli, biroq olimlarning mavsumiy kasalliklar statistikasi bo‘yicha kuzatuvlari natijasi u qadar ijobiy emas. Ayrim tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, odamlar qish faslida ko‘proq kasal bo‘ladi, yilning sovuq davrida o‘lim ko‘rsatkichi ham ortadi.
Umuman olganda, sovuq haqiqatan ham xavfli hodisa bo‘lishiga qaramay, bariga uni aybdor qilish yaramaydi. Ayrim mamlakatlarda aynan qishda ko‘payadigan yurak qon-tomir kasalliklaridan himoya qilishda qalpoq kiyish yordam bera olmasligi aniq.
Ko‘chada havo harorati pasayganda qon bosimi va xolesterin ko‘rsatkichi o‘sadi. Shuning uchun yilning sovuq davrida ovqatlanish va tonometr ko‘rsatkichiga ayniqsa e’tiborli bo‘lish yanada muhim. Yana qish oylarida havo namligi pasayadi: quruq havo esa infeksiya qo‘zg‘atuvchilariga mayda zarralarga bo‘linish va havoda ko‘proq qolish imkonini beradi. Demak, gripp yuqtirib olish xavfi ortadi. Xavfni kamaytirishda niqob taqish, suv ichish rejimi va ijtimoiy masofaga amal qilish hamda qo‘llarni muntazam yuvib yurish yordam beradi.
Immunitetni mustahkamlash va organizmning infeksiyalardan himoyalanishiga D vitamini ham o‘z hissasini qo‘shadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, «quyosh» moddasi ko‘tarilgan qon bosimi va xolesterin darajasini pasaytirishi mumkin. Bu esa sovuq mavsumda ayniqsa muhim. Qish faslida tez-tez kuzatiladigan vitamin yetishmovchiligi ham qandli diabet, qon bosimi oshishi va yurak yetishmovchiligi xavfi ortishi bilan bog‘liq.
D vitamini organizmga nima uchun kerak va u yetishmayotganini qanday bilish mumkin?
D vitamini sog‘lom suyaklar asosi bo‘lgan kalsiy organizmga so‘rilishida yordam beradi. Mazkur vitamin yetishmasligi osteoporoz va raxitga olib kelishi, shuningdek, suyak to‘qimasi yo‘qolishi tufayli sinishlar xavfini oshiradi.
Bundan tashqari, ayrim tadqiqotchilar «quyoshli» yordamchi defitsitini teri yallig‘lanishi, shuningdek, depressiya holati paydo bo‘lishi va mavsumiy affektiv buzilishlar rivojlanishi xavfi bilan ham bog‘lashadi. Bu uning seratonin faollashuviga ta’siri bilan izohlanadi. Yana shunday ma’lumotlar borki, ularga ko‘ra, D vitamini immunitet va mushaklar salomatligini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning yetishmovchiligi esa saratonning ayrim turlari uchun o‘lim ko‘rsatkichi ortishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ayrim kishilarda vitamin yetishmovchiligi ehtimoli yuqori bo‘lishi mumkin. Masalan, ona suti bilan boqiladigan go‘daklar, keksalar, qora tanli va ortiqcha vaznli kishilar, shuningdek, surunkali kasalliklari bo‘lganlar xavf guruhiga kiradi. Ayrim steroid dorilar, masalan, silga qarshi preparatlar va ozish uchun vositalar vitamin ko‘rsatkichini pasaytirishi mumkin. Qish faslida esa vitamin yetishmovchiligi ko‘chaga kam chiqadigan va quyosh nurini kam oladigan kishilarda rivojlanishi mumkin.
Vitamin tanqisligi belgilari o‘ziga xos emas. Shuning uchun mutaxassis maslahatisiz va qon tahlilisiz o‘zingizni yomon his qilishda aynan vitamin tanqisligini aybdor deb ko‘rsatish mushkul. Mushaklar kuchsizligi, suyak va bo‘g‘imlardagi og‘riqlar, kayfiyat tez o‘zgarishi, depressiyaga yaqin holatlar hamda umumiy holsizlik tanqislik belgilari bo‘lishi mumkin.
D vitaminini qaysi manbalardan olish mumkin?
Quyosh nuri
Foto: everst / Shutterstock
Norma bo‘yicha D vitamini teri hujayralarida quyosh nuri ta’sirida ishlab chiqariladi. Shuning uchun yilning istalgan mavsumida sayrga chiqish muhim. Iloji boricha shunday kiyinish kerakki, yuz va kaftlar ultrabinafsha nurlarini olish uchun ochiq holda bo‘lsin. Teri bilan quyosh nurining bevosita kontaktisiz vitamin ishlab chiqarilmaydi. Shuningdek, bu borada balkonda «sayr qilish» va deraza yonida ishlash ham befoyda: oyna orqali yetarli miqdorda yorug‘lik tushishi imkonsiz.
Qish oylarida ko‘chaga tonggi vaqtlarda chiqish kerak. Chunki ultrabinafsha nurlari faolligi va uning indeksi tushdan keyingi soatlarda pasayishi mumkin. Biroq ko‘p sayrga chiqishga odatlanganlarda ham defitsit bilan to‘qnash kelish xavfi bor. Gap shundaki, D vitamini ishlab chiqarish darajasi nafaqat ultrabinafsha nurlar faolligi, balki quyosh nuri tushish burchagiga ham bog‘liq bo‘ladi.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Agar kuz va yoz faslida vitaminni bevosita olish imkoni bo‘lmasa, u holda muvozanatni ovqatlanish yordamida to‘ldirish mumkin. Biroq bu yerda ham o‘ziga xos murakkabliklar bor: vitamin bir necha mahsulotlar tarkibidagina va kichik dozalarda mavjud. Laktoza, baliq va go‘sht iste’mol qilmaydigan kishilarda uni kerakli miqdorda olish ayniqsa mushkul.
Vitamin jonivorlardan olinadigan mahsulotlar, masalan, sariyog‘ va tuxum sarig‘i tarkibida eng ko‘p miqdorda bo‘ladi. Qiziq jihati, yilning turli mavsumlarida aynan bir mahsulotdagi vitamin miqdori turlicha bo‘ladi: masalan, bahor faslida xarid qilingan tuxumda kuzdagi tuxumga qaraganda D vitamini ko‘proq bo‘ladi. Sut tarkibida mavzkur vitamin ko‘p miqdorda emas, shuning uchun ko‘plab ishlab chiqaruvchilar vitamin konsentratsiyasi sun’iy ravishda oshirilgan boyitilgan mahsulot ishlab chiqaradi. Masalan, Kanadada ana shunday sut ishlab chiqarish qonun bilan talab qilinadi. D vitamini pishloq tarkibida ham bor. Biroq vitaminning sutkalik dozasini olish uchun uch kilogrammdan ortiq pishloq iste’mol qilish kerak bo‘ladi.
Baliqda vitamin yuqori dozalarda mavjud. Ayniqsa ilon baliq, sardina, skumbriya va treska jigari D vitaminiga boy. Mol jigari ham bu borada yaxshi manba bo‘la oladi. Biroq go‘sht va go‘sht mahsulotlari tarkibida vitamin miqdori bo‘yicha baliqdan ancha ortda qoladi. Go‘sht tanlashda e’tibor berish kerak bo‘lgan jihat shuki, yog‘siz go‘shtda yog‘li go‘shtga qaraganda D vitamini kamroq bo‘lishi mumkin.
D vitamini yuqori haroratga chidamli. Termik qayta ishlov berishda uning miqdori juda oz ko‘rsatkichga kamayadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, vitamin hatto pasterizatsiya qilingan sut va sterillangan mahsulotlarda ham saqlanib qoladi. Ayrim hollarda esa ovqat tayyorlash jarayonida uning konsentratsiyasi hatto ortadi. Masalan, steyk tayyorlashda go‘sht namlikni yo‘qotadi, uning tarkibidagi quruq vitamin miqdori esa ortadi.
Dori-darmonlar
Ba’zida vitamin darajasini quyoshda bo‘lish va oziq-ovqat mahsulotlar iste’moli bilan nazorat qilish mushkul. Mazkur masalalarda insonga bog‘liq bo‘lmagan omillar juda ko‘p. Qutbli tunlarga ega shimoliy mintaqalar, jonivorlardan olinadigan mahsulotlar iste’moli istisno etiluvchi parhezlar, quyosh nurida ko‘p turish imkonsiz bo‘lgan salomatlik bilan bog‘liq holatlar – bu va boshqa ko‘plab holatlarda vitaminning dori shaklida mutaxassis tomonidan buyurilishidan foydalanish mumkin.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, defitsit oldini olishda sintetik D vitamini samarasi ochiq havoda bo‘lish samarasidan kam emas. Yana vitaminning sintetik shakli o‘tgan asrda raxit epidemiyasini to‘xtatdi. Shuningdek, tarkibida D vitamini bo‘lgan dori vositalari 18 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan kishilar, homilador va emizikli ayollar, shuningdek, keksalarga turli dozalarda tavsiya etilishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi