09:09 / 10.01.2022
1 029

O‘zbek-xitoy vaksinasining kuchaytirilgan dozasi «omikron»dan deyarli 100 foiz himoya qilishi aytildi

O‘zbek-xitoy vaksinasining kuchaytirilgan dozasi «omikron»dan deyarli 100 foiz himoya qilishi aytildi
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulova ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining kuchaytirilgan dozasi «omikron»dan deyarli 100 foiz himoya qilishini ma’lum qildi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 7 yanvar kuni Ilg‘or texnologiyalar markazi (ITM) laboratoriyasida «omikron» shtammi qayd etilgan. Ushbu shatamm O‘zbekiston hududiga Dubaydan kelgan xorij fuqarosida aniqlangan.

Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida mazkur holat, shuningdek, «omikron» tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar muhokama qilingan. Unda voqeani sharhlagan Innovatsion rivojlanish vazir o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova «omikron»ning dunyo bo‘ylab tez tarqalishi inobatga olinsa, uning O‘zbekistonda paydo bo‘lishi vaqt masalasi bo‘lganini bildirgan.

Shuningdek, O‘zbekiston–Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi kuchaytirilgan dozasi ushbu shtammdan deyarli 100 foiz himoya qilishini ma’lum qilgan.

«Ilg‘or texnologiyalar markazi rahbari sifatida ZF-UZ-VAC 2001 sinovlarida va virusli mutatsiyalarni o‘rganishda faol ishtirok etarkanman, mamlakatimizdagi eng ommabop O‘zbekiston—Xitoy vaksinasi ustida olib borilgan tadqiqotlar yangi shtamm bo‘yicha yaxshi natijalarni ko‘rsatayotganini aytishim mumkin. Vaksinaning kuchaytirilgan — buster dozasi ‘omikron’dan deyarli 100 foiz himoya qiladi. Xitoylik hamkasblarimiz ham buni tasdiqladi», — degan u.

Maxsus komissiya yig‘ilishida aholini, shu jumladan ZF-UZ-VAC2001 ning kuchaytirilgan dozalari bilan emlashni zudlik bilan tezlashtirish masalasi ham muhokama qilingan.

Ma’lumot uchun, vaksinatsiyadan so‘ng insonlarda odatda koronavirusga qarshi yuqori himoya darajasi shakllanadi. Vaksinalar juda samarador bo‘lib borayotganiga qaramay, vaqt o‘tishi bilan COVID-19 infeksiyasiga qarshi himoya kuchsizlanadi. Vaksinaning dastlabki himoyasi kuchsizlana boshlagach, himoyani kuchaytirish uchun qo‘shimcha vaksina qilinadi — bu buster doza deyiladi. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi buster doza bilan emlash 2021 yilning noyabridan boshlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda koronavirusga qarshi to‘liq emlanganlar soni 13,5 million nafardan oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 8 yanvar kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov «omikron»dan sog‘ayish muddati qisqa va kasallanganlarda shifoxonalarga yotish ehtimoli pastligi inobatga olinsa, O‘zbekiston virusning ko‘tarilish xavfiga tayyorligini aytgandi.

Biroq ortiqcha xotirjamlikka berilish yaramasligini, chunki «omikron» boshqa shtammlarga qaraganda anchagina yuqumli va qisqa muddatda aholining katta qismini zararlashi mumkinligini bildirgan. Shu sababli karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish, emlash tadbirlarida faol ishtirok etish har qachongidan-da, muhimligini qo‘shimcha qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbek-xitoy vaksinasining kuchaytirilgan dozasi «omikron»dan deyarli 100 foiz himoya qilishi aytildi