22:18 / 18.01.2022
1 021

Ochiqlik prinsiplarini buzganlar jazoga tortiladi

Ochiqlik prinsiplarini buzganlar jazoga tortiladi
Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
18 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Loyihani Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ishlab chiqqan. Majlisda agentlik direktori Akmal Burhonov so‘zga chiqdi. Burhonovning matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 215(7)-modda va 245(10)-moddalarni qo‘shish taklif etilyapti.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
215(7)-moddada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, jumladan ochiq ma’lumot sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlarni e’lon qilmaslik yoki to‘liq e’lon qilmaslik, e’lon qilish muddati va tartibini buzish yoki ma’lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatganlik uchun javobgarlik belgilanadi.

245(10)-moddaga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdor shaxslariga mazkur huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish va sudga taqdim etish vakolati beriladi.

Huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (810 ming so‘mdan 1,3 mln so‘mgacha), xuddi shunday huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1,3 mln. so‘mdan 2,7 mln. so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llash taklif etilyapti.

Eslatib o‘tamiz, “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi yozilgan. Lekin amalda bunaqa tartib yo‘q.

Qonunchilikdagi bo‘shliq mazkur qonun loyihasi bilan to‘ldirilmoqda.

Qonunchilik palatasi deputatlari qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ochiqlik prinsiplarini buzganlar jazoga tortiladi