Ustozim birdan "Yur, bir joyga boramiz!" dedilar. Hayron bo‘lib ergashdim. Oxiri sabrim tugab, "Aka, qayerga ketyapmiz o‘zi?" dedim.
"Bir tanishim bor, qalin jo‘ram. Taqvoli oila. Bo‘yi yetgan qizlari bor ekan. "Yaxshi kuyov bo‘lsa dalolat qiling" degandi. Sovchilikka boramiz" dedilar. Hayratim yanada oshdi, "Nima, meni ko‘nglimga qaramaysizmi?" deyishimni bilaman, kulib yubordilar. O‘zim ham uyaldim.
Xullas aytilgan manzilga keldik. Kichik hovli. Ozoda, sarishta. Ta’mirtalab, eski hovli bo‘lsa ham, mening ko‘zimga juda fayzli ko‘rindi.
Bir kishi bizni ichkariga taklif qildi. Ustozim bilan juda qalin ko‘rishdi. Ularning gap-so‘zidan qalin do‘st ekanliklari yaqqol sezilib turardi. Men uyalibroq so‘rashdim. Bunday uchrashuvga na tayyor va na kutgan edim.
Uyga kirdik. Mezbon biroz baland ovozda "Mehmon!" dedi. Darrov narigi xonada choynak ovozi eshitila boshladi. Mashaalloh, uydagi tarbiya va boshqaruv meni hayratda qoldirgan edi.
Ular yoshlikdagi voqealarni eslashib o‘tirishar, men esa xuddi ko‘rinmas odamdek: ular meni payqamasdi.
Birozdan so‘ng suhbat men haqimda aylana boshladi. Ustozim shuncha tanishlari orasidan birodariga meni ravo ko‘rganini va menga qanchalik ishonishini faxr ila gapirardi. Men esa shu onda bu yerdan g‘oyib bo‘lib qolsam-u, xijolat chekmasam derdim.
Shu payt oshxonadan uch marta tiqirlagan ovoz keldi. Mezbon "Men hozir" deya turib ketdi.
Sherigim "Qizi juda yaxshi qiz. Odobli. Bu uyda erkak boshliq, shu sababli xonadonda tartib bor" dedilar. Shu on xona burchagidagi kitob javoni mening xaloskorim bo‘ldi. Ahamiyat bermaganday o‘rnimdan to‘rdim va javon oldiga keldim. Birin-ketin razm solar ekanman, yuqorida eng chetda turgan eski qo‘lyozma Qur’onga ko‘zim tushdi. Qo‘limga oldim. Ichini ochib, razm soldim. Kitobning varaqlari deyarli titilib ketgandi. Shu ondayoq tanamni titroq bosdi.
Ayrim sahifalarni siyohi ko‘rinmay ketgandi. Diqqat bilan razm solsam, Jahannam xaqidagi oyatlar ekan. Qur’onxon aynan shu joyiga kelganida ko‘zidan duv-duv yosh varaqdagi harflar ustiga to‘kilgandek. Mening tanam endi muzlay boshlagandi.
Shu payt mezbon patnisda choy va allanimalardir olib kirdi. Uning yuzida mamnuniyat bor edi. Men u kishiga tikilib "Bu Qur’onni kim o‘qiydi?" dedim. U kishi taajjublanib "Qizim!" dedilar.
Ko‘ksimga havo tiqildi, shu ondayoq ko‘zimga yosh to‘ldi. Agar bir nafas olsam yig‘lab yuboraman. Shunday ham bo‘ldi...
"Kechirasiz, men ketishim kerak" deb uydan chiqib ketdim. Ular hayratda, mening esa ko‘zlarim to‘la yosh...
Ko‘chada yig‘lar ekanman, ko‘ksim tez-tez to‘lib ketar, bir xo‘rsinsam, ko‘zyoshim shashqator bo‘lardi. Ko‘p o‘tmay ortimdan ustozim chiqdi. "Nima bo‘ldi?" dedilar hayron bo‘lib.
"Men bunday qizga mos emasman. Bu qadar taqvo sohibasi meni qo‘limda xor bo‘lsa, ertaga Allohga nima deb javob beraman? Bu qiz haqiqiy solih va zohid insonga munosib. Meni kechiring" dedim...
Yo‘l-yo‘lakay ming xil xayol bilan uyga keldim. Xonamda mus'hafim turardi: yangi va tiniq.
Fursatdan foydalanib “soliha, qoriya va pokdomon qiz”ga uylanmoqchi bo‘layotgan yigitlardan bir savol so‘ramoqchiman: “Siz, o‘zingiz shu aytayotgandek qizga munosibmisiz? Bir kunda necha pora Qur’on o‘qiysiz? Namozlaringiz komilmi?”
Himmatillo Rahmatov
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi