10:48 / 21.01.2022
1 436

Amira Rashidova anglashilmovchilik uchun xijolatligini aytib, uzr so‘radi

Amira Rashidova anglashilmovchilik uchun xijolatligini aytib, uzr so‘radi
Foto: Instagram / Amira Rashidova
«Sevimli» telekanali bosh direktori va bosh muharriri vazifasidan ozod etilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Telekanal rahbari Amira Rashidova o‘zining Instagram’dagi sahifasi orqali ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘layotgan «Sabriya» seriali bo‘yicha yozgan posti noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Sevimli» telekanalida efirga uzatilayotgan «Sabriya» serialidagi axloqsiz sahna aks etgan kadr tarqalgani, AOKA holat nazoratga olinib, tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qilgandi. Keyinroq O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov («Sevimli» telekanali rahbari Amira Rashidovaning otasi) xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan milliy seriallar bo‘yicha izoh berdi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ushbu serialini tanqid qilib, badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtai nazaridan xulosa berishga chaqirdi.

Amira Rashidova esa kanalda uzatilgan behayo sahna yuzasidan munosabat bildirib, serial namoyishidan avval 16+ markirovkasini bergani, qolaversa, «axloqsiz» degan ayblovni qo‘yishdan oldin kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli ekanini bildirgandi.

- "Ikki yil bo‘ldiki, biror bir jiddiy mavzularga qo‘l urmayman. Bunga sabab, men bilan bir voqea sodir bo‘lgan edi. O‘shanda bir vaziyat yuzasidan Facebook tarmog‘ida post yogandim. Eski «qadrdonlar» so‘zlarimni kontekstdan yulib, g‘araz niyat bilan fikrlarimni noto‘g‘ri talqin qilishgandi…

Qarangki ikki yil o‘tib «Sevimli» atrofida bo‘layotgan gap so‘zlarga o‘z fikrimni bildirish uchun kecha post yozsam, hammasi qayta takrorlandi. Yana o‘sha odamlar, yana o‘sha ssenariy… So‘zlar kontekstdan yulinib, o‘ziga kerak sarlavhada tarqatildi. Go‘yoki men Saida Mirziyoyevaning «Sabriya» seriali haqidagi fikriga qarshi chiqib kechagi postni yozgan, deb talqin qilishdi! Lekin bu unday emas!

Insof haqida gapirmayman, chunki bunday odamlarda u bo‘lmaydi… Tuhmat qilishdan to‘ymaydi, Xudodan ham qo‘rqmaydi bundaylar.

Hozir internetga kirib qarasam, vaziyat jiddiylashgan, hamma joyda meni Saida Mirziyoyeva bilan baxslashgan inson sifatida talqin qilib, yo‘q joydan atrofimda muammo tug‘dirishyapti.

Kecha Saida Mirziyoyevaning fikrini o‘qiganimda, men postimni joylab bo‘lgan edim. Ikki kun oldin kechasi AOKA rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra «Sevimli» telekanali orqali milliy serial namoyish etish chog‘ida «axloqsizlik sahnalari mavjudligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan materiallar jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi», deb ekspertiza tayinlangani ma’lum bo‘ldi. Ertasi kuni «Sevimli»ga kelib, kun davomida bayonnoma tuzish, yuristlar bilan gaplashish, serialni badiiy kengashda tahlil qilish bilan vaqt o‘tkazib, umumiy vaziyat yuzasidan o‘z fikrimni bildirishim kerak deb, post yozdim.

Nima demoqchiman? Men Saida Mirziyoyevaning fikriga qarshi emasman! U kishi aytib o‘tgan kamchiliklar bor, buni tan olaman. Saida opaning ayollar manfaatlarini himoya qilishi, ularga berayotgan yordamini kuzataman va hurmat qilaman. Anglashmovchilik uchun xijolatdaman va uzr so‘rayman. Shu sababdan jurnalist va blogerlardan iltimos qilaman: tuhmat, odamlarni bir biriga asossiz qarshi qo‘yishni bas qiling.

Bugun telekanalda o‘zgarishlar bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan uzr so‘raldi. «Sevimli»da yangi va sifatli kontent yaratish yo‘lida, jamoa bilan birga katta loyihalar qilishni maqsad qilganmiz, Inshaalloh hammasi sekin amalga oshadi. Sizlarga yaxshiliklar ichida yashashni tilayman", - deydi «Sevimli» telekanali rahbari Amira Rashidova.

Ma’lumot uchun, «Sevimli» telekanali 2017 yil 1 aprel kuni «Karavan» nomi bilan o‘z faoliyatini boshlagan butun oila uchun mo‘ljallangan nodavlat musiqiy-ko‘ngilochar va ma’rifiy televizion kanal hisoblanadi. Wikipedia ma’lumotlariga ko‘ra, telekanal Firdavs Abduxoliqovga tegishli, hozirda unga Amira Rashidova — Abduxoliqovning qizi rahbarlik qilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Amira Rashidova anglashilmovchilik uchun xijolatligini aytib, uzr so‘radi