13:55 / 17.03.2022
1 379

Abdulaziz Komilov: «Biz Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olmaymiz»

Abdulaziz Komilov: «Biz Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olmaymiz»
Oliy Majlis Senatining 24-yalpi majlisi boʻlib oʻtmoqda. Yigʻilishda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ukraina atrofida boʻlayotgan mojaro yuzasidan Oʻzbekiston pozitsiyasini aytdi.

Xalqaro hamjamiyat e'tibori Rossiya—Ukraina voqealarga qaratilgan. Bunga biz oʻz manfaatlarimizdan kelib chiqib munosabat bildiramiz.

Oʻzbekistonning Ukraina atrofidagi voqealarga munosabati quyidagicha:
- "Ukraina atrofidagi vaziyat Oʻzbekistonda jiddiy xavotir uygʻotmoqda. Biz bu masalaning tinch yoʻl bilan hal qilinishi tarafdorimiz. Buning uchun birinchi navbatda harbiy harakatlar, zoʻravonliklar zudlik bilan toʻxtatilishi zarur. Hozirgi voqealar boʻyicha munosabatimiz shuki, Oʻzbekiston tarixan Rossiya va Ukraina bilan an'anaviy, koʻpqirrali hamkorlikka ega. Biz bu mamlakatlar bilan oʻz manfaatlarimizdan kelib chiqib hamkorlik qilamiz. Bir tomondan Rossiya bilan keng, koʻp qamrovli hamkormiz. Ikkinchi tomondan Ukraina bilan ham keng koʻlamli hamkorlik amalga oshirilmoqda.

Masalan, 2021 yilda Ukraina bilan savdo aylanmasi hajmi 704 million AQSh dollariga etdi. Bu 2020 yilga nisbatan 60 foizga yuqori koʻrsatkich.

Joriy yilda ham Toshkent va Ukrainada bir qator tadbirlar oʻtkazmoqchi edik. Mojarodan oldin Toshkent—Kiev yoʻnalishida haftada 4 tadan aviaqatnovlar amalga oshirilayotgandi.

Biz, albatta, holatdan kelib chiqib Ukrainaga gumanitar yordam beramiz. Oʻzbekiston Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olmaymiz. Oʻzbekiston pozitsiyasi shuki, mamlakatimiz hech qanday xalqaro harbiy blokka qoʻshilmaydi
", - dedi Abdulaziz Komilov.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Ukraina va Rossiya atrofidagi vaziyat boʻyicha «vazmin, neytral pozitsiyada». «Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, doʻstona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot boʻlishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim», — degan prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Mirziyoev va Putin oʻrtasidagi telefon muloqoti yuzasidan ma'lumot berib.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat