15:43 / 17.03.2022
2 302

«Yulduz Usmonova ishi» bo‘yicha Majburiy ijro byurosi ma’lumot berdi

«Yulduz Usmonova ishi» bo‘yicha Majburiy ijro byurosi ma’lumot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Yulduz Usmonovaning xorijga chiqishiga cheklov qo‘yilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. MIB axborot xizmati ayni paytda sud tomonidan ijro ishi vaqtinchalik harakatdan to‘xtatilgani, bunga xonanda tomonidan sud qaroriga nisbatan kassatsiya shikoyati berilgani sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Yulduz Usmonovaga oid ijro ishi bo‘yicha turli xabarlar tarqaldi. Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 29.10.2021 yildagi qarzdor Yulduz Usmonovadan undiruvchi Yo‘lchi Ro‘ziyev foydasiga 50 mln. so‘m ma’naviy zarar uchun kompensatsiya, mazkur da’vo ariza bilan murojaat qilishda to‘langan 1 mln. 80 ming so‘m miqdorida davlat boji, qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravari miqdorida (270.000x500=135.000.000) tovon puli jami 186 mln. 80 ming so‘m va davlat foydasiga 5 mln. 400 ming so‘m davlat boji undirish to‘g‘risidagi ijro varaqasi yuzasidan qarzdor Yulduz Usmonovaga nisbatan 2 ta ijro ishi MIB Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limiga 02.02.2022 yilda ijro ishi yurituviga kelib tushgan.

Mazkur ijro varaqlar yuzasidan 02.02.2022 yilda davlat ijrochisi tomonidan qabul qilingan “ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ijro ishi talabini ixtiyoriy ravishda bajarish uchun qarzdor Yulduz Usmonovaga 10 kunlik muddat belgilangan.

Shundan so‘ng, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi tomonidan ijro ishi vaqtinchalik to‘xtatilgan. Hozirgi kunga qadar ijro harakatlari davom ettirish yuzasidan tegishli sud tomonidan ko‘rsatma kelib tushmagan. Ijro ishini davom ettirish haqida sudning tegishli hujjati kelishi bilan ijro harakatlariga kirishiladi
», deyiladi Majburiy ijro byurosining bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning «Xasta bo‘lma» hamda «Sevgi izhori» qo‘shiqlari matni muallifi hisoblanadi. Yulduz Usmonova «Xasta bo‘lma» qo‘shig‘i matniga qalam haqi sifatida shoirning she’riy to‘plami chop etilishiga ko‘maklashishga va’da bergan. Biroq Yo‘lchi Ro‘ziyev bir necha yillardan buyon san’atkordan she’ri uchun qalam haqini ololmayotganini aytgandi.

Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2021 yil 29 oktabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vogarning mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vosi qisman qanoatlantirilib, javobgar Yulduz Usmonovadan shoir Yo‘lchi Ro‘ziyevga ma’naviy zarar uchun 50 mln so‘m miqdorida kompensatsiya, yetkazilgan zarar hisobiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari (135 million so‘m) miqdorida tovon puli undirish belgilangan.

Sudning mazkur qarori Toshkent shahar sudi birinchi instansiya sudi hamda Oliy sudda ko‘rib chiqilib, o‘z kuchida qoldirilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Yulduz Usmonova ishi» bo‘yicha Majburiy ijro byurosi ma’lumot berdi