Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlarning umumiy ovqatlanish sohasidagi faoliyati tahlil qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘rganish davomida davlat idoralarining statistik va boshqa ma’lumotlari hamda 2,1 mingdan ortiq umumiy ovqatlanish korxonalari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari tahlil qilindi. Tahlil natijasida sohaga oid bir qator muammolar aniqlandi.
Birinchidan, sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari va qoidalar eskirgan, biznes yuritish amaliyotiga mos kelmaydi.
Masalan, restoran tozalash, ta’mirlash va shu kabilar ishlar uchun yopilishidan bir hafta oldin bu haqda e’lonni osib qo‘yishi kerak. Buni bajarmasa 2 mln so‘m jarimaga tortiladi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish xizmatiga oid sanitariya norma va qoidalari (SanPiN 0309-14-son) ham zamon talablariga mos kelmaydi, buning natijasida qoidalarning 20 tasiga rioya etish imkonsiz bo‘lib qolgan.
Jumladan, taomlarni ko‘mir, o‘tin, qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan plitalarda pishirish mumkin emas (qish mavsumlarida gaz ta’minoti cheklanganda mazkur talabga rioya qilib bo‘lmaydi).
Yana bir misol, taxminan, 12 turdagi mahsulotlar uchun alohida-alohida pichoqlar mavjud bo‘lishi lozim (amalda aksariyat umumiy ovqatlanish korxonalarida har bir mahsulot uchun alohida pichoq ishlatilmaydi).
Ikkinchidan, soliq yuki va murakkab soliq ma’muriyatchiligi. Umumiy ovqatlanish korxonalari 7-9 turdagi soliqlarni to‘laydi.
Jumladan, aylanmadan olinadigan soliq (tovar aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha), qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, ijtimoiy soliq, daromad solig‘i (soliq agenti sifatida), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, alkogolli mahsulotlarni sotish huquqi uchun undiriladigan yig‘im (alkogolli ichimliklar sotilsa).
Soliq yukining yuqoriligi umumiy ovqatlanish korxonalarining 61 foizini soliqdan qochishga undamoqda.
Shuningdek, ko‘p soliqlar to‘lash o‘z-o‘zidan ular bilan bog‘liq soliq ma’muriyatchiligini ham murakkablashtirmoqda: korxona 6 xil vaqtda soliqlarni to‘lashi va 5 xil vaqtda soliq hisobotlarini taqdim etishi lozim.
Shu sababli umumiy ovqatlanish xizmatlari faoliyatini boshlashda respondentlarning deyarli 1/3 qismi soliq qonunchiligini tushunib olishda qiynalishgan. Mazkur omillar esa o‘z navbatida sohadagi yashirin iqtisodiyotning ulushi yuqori (30-40 foiz) bo‘lishiga olib kelmoqda.
Uchinchidan, tekshirish o‘tkazish holatlari juda ko‘p. Umumiy ovqatlanish korxonalarini 10 dan ortiq davlat idoralari (soliq, yong‘in nazorati, sanitariya nazorati, mehnat, ichki ishlar organlari, kommunal xizmatlarni ko‘rsatuvchi korxonalar va b.) doimiy bezovta qiladi.
Ularni eng ko‘p tekshiruvchi 3 ta idora (soliq, yong‘in nazorati, sanitariya nazorati) tomonidan 2020—2021 yillarda 8 mingga yaqin tekshirish o‘tkazilgan. Ya’ni har yili o‘rtacha 14,5 foiz umumiy ovqatlanish korxonalari tekshirilgan.
Biroq so‘rovda ishtirok etgan korxonalar vakillari boshqa fikrni bildirishdi, ya’ni 2,1 ming respondent har oyda deyarli 5,5 mingta tekshirish o‘tkazilganligini ta’kidlashdi. Demak, ularning faoliyatini noqonuniy tekshirish holatlari ko‘p.
Sohadagi tadbirkorlar ularning faoliyatini eng ko‘p tekshirish soliq organlari tomonidan amalga oshirilganligini, keyingi o‘rinlarda sanitariya va yong‘in nazorati organlari, ichki ishlar organlari (asosan, tunda faoliyat yuritishni to‘xtatish yuzasidan) ekanligini bildirishdi.
To‘rtinchidan, tekshirishlardagi korrupsiya holatlari. Faoliyatga oid qonun-qoidalar murakkab va tekshiruvchilar ko‘p bo‘lishi korrupsiyaga yo‘l ochib bermoqda.
Masalan, respondentlarning 26,4 foizi (905 nafar) soliq, 20,3 foizi (697 nafar) sanitariya va 11,3 foizi (387 nafar) yong‘in nazorati organlarida korrupsiya holatlariga duch kelishganini, shuningdek, korrupsiyaning eng ko‘p tarqalgan turi davlat organlari xodimlariga bepul xizmat ko‘rsatish ekanligini ta’kidlashdi.
Beshinchidan, infratuzilma ob’ektlariga ulanish va ularda bo‘ladigan uzilishlar. 63,4 foiz umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatini boshlashda infratuzilma ob’ektlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelishgan.
Ta’minotdagi uzilishlar ham ular uchun odatiy hol bo‘lib qolmoqda. Jumladan, respondentlarning 36,3 foizi (766 nafari) suv ta’minotida, 35,2 foizi (742 nafari) gaz ta’minotida, 28,5 foizi (602 nafari) elektr ta’minotida qiyinchiliklarga yo‘liqishmoqda.
Oltinchidan, ishchilarni norasmiy yollash. Odatda restoran, kafe va oshxonalarda oshpaz, ofitsiant, farrosh kabi ishchilarni mehnat shartnomasi tuzmasdan og‘zaki kelishuv bilan ishga oladi.
Umumiy ovqatlanish korxonalarida 300 mingdan ortiq odam ishlasa, ularning 200 mingdan ko‘pi norasmiy band bo‘lib, bu holat korxona uchun (jarimaga sabab bo‘ladi), ishchi uchun (mehnat huquqlari kafolatlanmaydi) va davlat uchun (ijtimoiy va daromad soliqlari tushmaydi) ham manfaat olib kelmaydi.
Jumladan, so‘rovda ishtirok etgan korxonalar o‘z ishchilariga oyiga o‘rtacha 1,8 mln so‘m ish haqi to‘lab kelayotganligini inobatga olsak, ulardagi norasmiy bandlik tufayli davlat budjetiga 1,6 trln so‘mlik (ijtimoiy va daromad soliqlari) qo‘shimcha pul tushmasdan qolgan deyish mumkin.
Bayon etilganlar asosiy muammolar hisoblanib, bundan tashqari, umumiy ovqatlanish korxonalar oldida yana boshqa to‘siqlar ham bor (oziq-ovqat mahsulotlari uchun naqd pulga ehtiyoji baland, ijara xarajatlari va h.k.).
Mazkur muammolar sohaning to‘liq potensial bilan rivojlanishiga salbiy ta’sir etib kelmoqda.
Umumiy ovqatlanish xizmatlarining sifati va rivojlanganligi xorijlik sayyohlarni albatta e’tiborini jalb etadi. Umumiy ovqatlanish sohasidagi mavjud muammolar esa «zanjir effekti» bilan turizmning rivojini ham sekinlashtiradi.
Shu sababli Adliya vazirligi tomonidan ushbu muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, tegishli idoralarga taqdim etildi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"