19:05 / 17.05.2023
796

“O‘zimni 3 marta o‘ldirmoqchi bo‘lganman”. Taniqli model Nigina Faxriddinova o‘gay otaning zulmiga uchragani haqida

“O‘zimni 3 marta o‘ldirmoqchi bo‘lganman”. Taniqli model Nigina Faxriddinova o‘gay otaning zulmiga uchragani haqida

Dunyo bo‘yicha bor-yo‘g‘i uchta eng nufuzli go‘zallik tanlovlari bor. Bular “Dunyo go‘zali”, “Koinot go‘zali” va “Miss International” tanlovlaridir. Garchi shu kungacha O‘zbekistonda ularning hech biri o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, navoiylik Nigina Faxriddinova “Miss International – 2022” tanlovida ishtirok etib, “Eng yaxshi milliy libos” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi shundaki, bu tanlovda 60 yil davomida O‘zbekistondan birorta nomzod ishtirok etgan emas. 

Foto: Instagram / @niginafaxriddinova

Nigina Faxriddinova YouTube’dagi “Mehmonda” kanaliga bergan intevyusida bolaligi og‘ir kechgani, miya bilan bog‘liq og‘ir jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @niginafaxriddinova

“Menda bir nechta millat qoni bor”

Foto: Instagram / @niginafaxriddinova

— Onam asli navoiylik, otam esa ko‘p millatli inson. Ya’ni buvim nemis bo‘lgan. Bundan tashqari, ularning qarindoshlari orasida arab, turk, tojik va rus millati vakillari ham bo‘lgan ekan. Afsuski, ota-onam uzoq vaqt birga yashashmagan. Bir yoshimda ular ajrashib, dadam Moskvaga ketgan ekan. Uch yoshimda onamni turmushga berishgan. Onam nikohga rozilik berishdan avval “Qizim bilan qabul qilasizmi?” deb so‘ragan ekan. O‘gay otam onamdan avval ikkita ayol bilan oila qurgan, ammo farzandli bo‘lolmagan ekan. Meni oilasiga qabul qilganidan keyinmi bilmadim, Alloh u insonga ham qiz va o‘g‘il farzandlarni bergan. O‘gay otam bilan uch yoshimdan birga yashay boshlaganman. Avvaliga hammasi yaxshi edi, ammo uka va singlim tug‘ilganidan keyin menga bo‘lgan munosabati o‘zgardi. Go‘yoki, oiladagi yagona aybdor men edim. Nimadir yo‘qolsa yoki ko‘ngilsizlik bo‘lsa mendan ko‘rardi. Onamning oldida indamasdi, ishga ketganidan keyin ruhiy bosim o‘tkazardi. Avvaliga bunga e’tibor bermaganman. Ammo vaziyat jiddiylashib ketganidan keyin jonimga qasd qilish darajasiga borganman, — deydi Nigina Faxriddinova.

“O‘zimni o‘ldirishim uchun pichoq tutdi”

Foto: Instagram / @niginafaxriddinova

— Birinchi marta jonimga qasd qilmoqchi bo‘lganimda juda yosh edim. Oshxona pichog‘ini olib, qo‘limni kesmoqchi bo‘ldim. Shu payt oshxonaga o‘gay otam kirib qoldi. Hozir bu ishim uchun urushadi deb turganimda, u indamadi va bir nechta pichoqlarni olib kelib yonimga qo‘ydi. Aslida es-hushi joyida qiz edim. Ammo oiladagi har kunlik janjallar sabab yashashdan bezib qolgandim.

Foto: Instagram / @niginafaxriddinova

Dasturxon ustidan yig‘lamay turib ketmagan kunimni eslolmayman. Ikkinchi marta bilagimni kesdim. Ammo buni hech kim bilgani yo‘q. Qo‘limni bog‘lab, yengi uzun ko‘ylakni kiyib yuraverardim. Uchinchi marta esa oz bo‘lsa-da, o‘zimni o‘ldirishni uddalay oldim. Uyda bor dorilarni ichib, jonlantirish bo‘limiga tushib qolganman. Bu ishni qilishimga sabab, o‘gay otam katta vatman qog‘oziga rasmimni yopishtirib, “Bu qiz oilasini sharmanda qildi, sizni ham yuzingizni yerga qaratadi. Unga yaqinlashmanglar”, deb yozib, uni maktab eshigiga yopishtirib qo‘yish bilan tahdid qilgan. Ortimdan kuzatuvchi qo‘yardi va qarindoshlariga ham yomonlardi. Bu holatlar esa ruhiyatimga yomon ta’sir qilib, o‘lsam bulardan qutilaman, deb o‘ylardim, — deydi model Nigina Faxriddinova. 

“O‘g‘ay otam kaltagi sabab o‘lishimga bir bahya qolgan”

Foto: Instagram / @niginafaxriddinova

— O‘gay otam santexnik edi. Doim uyimizda ish qurollari bo‘lardi. Jahli chiqqanida qo‘l ko‘tarardi. Bir kuni unitaz orqasidagi temir shkanka bilan boshimga urgan. Boshim og‘rigan. Ammo bu haqida hech kimga aytamaganman. Oradan ancha vaqt o‘tib, onam boshimning old tomoni shishayotgani payqab qolgan. Navoiylik shifokorlar jarohat miyaga yaqin joyda ekanligini aytishganda onam qo‘rqib ketdi. O‘gay otamning jiyanlari Toshkentda o‘qirdi. Ularning yordami bilan professorga murojaat qilganmiz. U tekshiruvdan o‘tkazib, bu qattiq jarohat ta’sirida paydo bo‘lganligini aytgan.

Foto: Instagram / @niginafaxriddinova

Miya bilan bog‘liq og‘ir jarrohlik amaliyotini boshdan kechirganman. Operatsiyadan keyin ko‘rish qobiliyatim va xotiram sustlashgan. Onamga bor gapni aytganimdan keyin u hammasiga chek qo‘yishga qaror qildi. Mana shundan keyin onam ajrashdi, Toshkentga ko‘chib keldik. Onamga juda qiyin bo‘lgan meni tanlay desa u yoqda ukam bilan singlim. Ularni tanlasa men. U inson menga nima qilgan bo‘lishidan qat’iy nazar baribir otam deyman. 10 yil uyidan joy bergan, yedirib-ichirgan. U insonga nisbatan xusumatim yo‘q. Agar u inson mehribon bo‘lganida, men bugungidek qat’iyatli bo‘lmasdim, — deydi Nigina Faxriddinova. 

“Modellikni nega tanladim?”

Foto: Instagram / @niginafaxriddinova
Nigina Faxriddinova onasi va buvisi bilan

— Menga bolalikdan model bo‘lishing kerak, deyishardi. Bunga bo‘yimning balandligi sabab bo‘lgandir. Toshkentda yashaydigan holam ham modellik kurslarida o‘qishni tavsiya qildi. Kasting topshiraman deganimda, onamga kimdir vaznim katta ekanligini aytibdi. O‘sha paytda bo‘yim 172 sm, vaznim esa 74 kg edi. Uch haftalik qat’iy diyetadan so‘ng 62 kg vaznga erishdim. Avvaliga podyumlarda bor-yo‘g‘i 350 ming so‘m evaziga chiqardim. Hozir esa vaziyat ancha o‘zgargan, — deydi Nigina Faxriddinova.

Foto: Instagram / @niginafaxriddinova

Eslatib o‘tamiz, Nigina Faxriddinova hozirgi kunda O‘zbekistonning “Top-8” modellari qatoriga kiradi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoning eng chiroyli “Top-8” reytingidan ham o‘rin egallagan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “O‘zimni 3 marta o‘ldirmoqchi bo‘lganman”. Taniqli model Nigina Faxriddinova o‘gay otaning zulmiga uchragani haqida