Lola Eltoyeva Istanbulda g‘olib bo‘ldi va xalqaro mukofot oldi

Istanbulda bo‘lib o‘tgan TURKSOY xalqaro marosimida aktrisa “Eng yaxshi teatr aktrisasi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Shu tariqa Lola Eltoyeva xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi.
Istanbul shahrida TURKSOY Xalqaro teatr mukofotlarini topshirish marosimi tantanali tarzda tashkil etildi. O‘n birinchi bor o‘tkazilgan ushbu nufuzli xalqaro tadbirda tashkilotga a’zo davlatlarning teatr sohasida faoliyat olib borayotgan yetakchi ijodkorlari 2025 yil yakunlari bo‘yicha turli nominatsiyalar bilan taqdirlandi.
Quvonarlisi, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva “Eng yaxshi teatr aktrisasi” nominatsiyasida xalqaro mukofotni qo‘lga kiritdi.
Mazkur marosim har yili Xalqaro Anadolu teatr mukofotlari doirasida o‘tkazilib, turkiy davlatlar teatr jamoalari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni mustahkamlash, umumiy madaniy merosni ommalashtirish hamda sahna san’ati rivojiga hissa qo‘shishni maqsad qiladi.
Shuningdek, boshqa mamlakatlar vakillari ham turli yo‘nalishlarda munosib e’tirofga sazovor bo‘ldi. Jumladan, Qozog‘istondan Erenbak Toykenov “Eng yaxshi teatr rejissyori”, Qirg‘izistondan Sadir Niyazaqunov “Eng yaxshi sahna rassomi”, Ozarbayjondan Ali Emirli “Eng yaxshi dramaturg” hamda Turkmanistondan Batir Chariyev “Eng yaxshi teatr aktyori” nominatsiyalarida mukofot bilan taqdirlandi.