“Meni mensimaydi deyishadi, aslida esa…” — Nodira Mahmudova ochiq gapirdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nodira Mahmudova “O‘zimizning gap” ko‘rsatuvida bergan intervyusida o‘zi haqidagi turli qarashlarga munosabat bildirdi.
San’atkorning aytishicha, ko‘pchilik uni tashqi ko‘rinishidan kelib chiqib viqorli, o‘zini katta tutadigan, hatto biroz mensimaydigan inson deb o‘ylaydi. Biroq u bunday taassurot ataylab qilinmasligini alohida ta’kidladi.
“Bu bizning genimizda bor. Biz buni ataylab qilmaymiz. Onam va oilamizdagi besh nafar qiz — hammamiz shundaymiz. Bizning oilada hamma qizlarning bo‘yi uzun, faqat men biroz pastroqman. Skelet tuzilishimiz, bo‘ynimizni tutishimiz, boshimizning holati — barchasi tug‘ma. Buni sun’iy tarzda qilish qiyin, buning uchun yillar kerak bo‘lishi mumkin,” — deydi u.
Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi fikrlar hatto onasiga nisbatan ham ko‘p bildirilgan. Uning o‘zi ham ko‘pincha “bu qizga yaqinlashib bo‘lmaydi”, “juda o‘zini katta oladi” kabi gaplarni eshitganini ta'kidladi.
Shunga qaramay, Nodira Mahmudova aslida juda sodda va ochiqko‘ngil insonlar ekanligini aytadi:
“Biz bilan gaplashgan odam bemalol suhbatlashib ketaveradi. Juda soddamiz, ochiqmiz, hamma bilan tez chiqishib ketamiz.”
U yana bir odatini ham ochiqladi. Uning aytishicha, ko‘chada yurganda atrofdagilarga unchalik e’tibor bermaydi. Shu sababli ayrim tanishlari so‘rashmagani uchun xafa bo‘lishgan.
“Aslida esa men ularni payqamayman. Meni bilgan insonlar o‘zlari kelib so‘rashib ketaveradi. Hatto ba’zida uzoq suhbatdan keyin ham suhbatdoshim qanday zirak taqqanini aytib bera olmayman. Chunki mayda detallarga e’tibor bermayman,” — deya samimiy fikr bildirdi san’atkor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!