Munisa Rizayeva “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoniga sazovor bo‘ldi

Xonanda Munisa Rizayeva “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlandi. San’atkor bu xabarni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali muxlislari bilan bo‘lishib, ushbu e’tirof u uchun juda katta sharaf va mas’uliyat ekanini ta’kidladi.
Munisa Rizayevaning aytishicha, bu mukofot u uchun shunchaki unvon emas, balki 15 yillik mehnat, sahnaga bo‘lgan muhabbat, uyqusiz tunlar, sinovlar, g‘alabalar va muxlislarning doimiy qo‘llab-quvvatlashi natijasidir. Xonanda bu lahzani uzoq yillar kutgani va orzu qilganini bildirdi.
San’atkor o‘z postida oilasi, jamoasi, muxlislari hamda shu yillar davomida yonida bo‘lgan barcha insonlarga chin dildan minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu yo‘lni yaqinlari va tinglovchilari qo‘llovisiz bosib o‘tish oson bo‘lmas edi.
Munisa Rizayeva bundan keyin ham muxlislari uchun ijod qilishda davom etishini, yangi qo‘shiqlar va unutilmas lahzalar ulashishga tayyor ekanini aytdi. Bu unvon xonanda ijodidagi muhim bosqich bo‘lib, uning sahnadagi mehnati munosib e’tirof etilganini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!