Ulug‘bek Rahmatullayev Ozodbek Nazarbekov haqida kutilmagan voqeani ochiqladi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ulug‘bek Rahmatullayev muxlislari bilan samimiy suhbatda hayotining turli jabhalari haqida qiziqarli va ta’sirli xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Xonanda san’atdagi haqiqiy do‘sti, ota-onasiga bo‘lgan munosabati, viloyatlardagi to‘ylarga qanday tayyorgarlik ko‘rishi hamda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan bog‘liq unutilmas voqeani eslab o‘tdi.
«O‘zini ijrochi emas, ijodkor deb biladi»
Ulug‘bek Rahmatullayev o‘zini oddiy ijrochi emas, balki ijodkor sifatida ko‘rishini ta’kidladi. Uning fikricha, ijrochi — tayyor mahsulotni olib, uni ijro etadigan inson. Ijodkor esa asarni yaratish jarayonining har bir bosqichida ishtirok etadi. Xonandaning aytishicha, u har bir qo‘shiq ustida uzoq vaqt bosh qotiradi, tahlil qiladi va har bir detalga alohida e’tibor qaratadi. Bu ba’zan charchoq keltirsa-da, hech qachon pand bermagan.
Bundan tashqari, u faqat san’atda emas, boshqa sohalarda ham ijod qilishni yaxshi ko‘radi. Qurilish, interer dizayni, tadbirkorlik va hatto o‘simliklarni parvarishlash ham uning qiziqishlari qatoriga kiradi.
«Ozodbek Nazarbekov yig‘ib bergan pullar haligacha esda»

Suhbat davomida xonanda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan bog‘liq qiziq voqeani ham eslab o‘tdi. Bir to‘yda birga ishtirok etganmiz. Men qo‘shiq aytayotganimda mehmonlar juda ko‘p pul qistirishgan. Qo‘limga sig‘may qolib, bir qismi yerga sochilib ketdi. Shunda Ozod akam sahnaga chiqib, egilib, barcha pullarni yig‘ib, menga berib ketgan. U paytda u allaqachon xalq artisti edi. O‘shanda hayratdan qotib qolganman. Bu ishni riyo uchun qilish mumkin emas, — deydi san’atkor.
Uning qo‘shimcha qilishicha, avvallari Ozodbek Nazarbekov konsert liboslari va uslub masalalarida ham u bilan ko‘p maslahatlashib turgan.
«Internetdagi janjallarga tarbiyam yo‘l qo‘ymaydi»
Ulug‘bek Rahmatullayev nima uchun ijtimoiy tarmoqlardagi turli bahs-munozaralar, sun’iy shov-shuvlar va piarlarga aralashmasligini tushuntirdi. Uning aytishicha, bugungi kunda ayrimlar internet orqali bir-biri bilan tortishib, hatto oila a’zolarini ham bunday jarayonlarga aralashtirib yubormoqda. San’atkor esa bunday yo‘lni mutlaqo to‘g‘ri deb hisoblamaydi.
Men birov haqida fikr bildirishdan avval nafaqat o‘zimni, balki ota-onamni, oilamni, aka-opalarimni, qarindoshlarimni ham o‘ylayman. Men haqimda yaxshi fikrda bo‘lgan ziyoli insonlar ham bor. Shuning uchun har bir gapning mas’uliyatini his qilaman.
Hozir internetda so‘kinish odat tusiga kirib qoldi. Go‘yoki o‘z fikrini bildirish uchun albatta haqorat qilish kerakdek qarash paydo bo‘lgan. To‘g‘ri, inson jahl qilishi mumkin, ammo buni butun jamoatchilik oldida qilish shart emas. Agar shu insonlar farzandlari yoki ota-onasi qarshisida ham shunday gapira olsa, ana shunda hayron qolaman», — deydi xonanda.
«Men topishdan ko‘ra yo‘qotadigan yoshga yaqinlashyapman»

Suhbat davomida xonanda eng ta’sirli fikrlaridan birini ham aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, farzandlarining o‘sib, yangi narsalarni o‘rganishi unga katta quvonch bag‘ishlaydi. Biroq shu bilan birga ota-onasining yoshi o‘tayotganini ko‘rish qalbiga og‘ir botadi. Eng kichik farzandim 3 yoshda. Uning har bir yangi o‘rgangan narsasini ko‘rib quvonaman. Lekin ota-onamning qariyotgani qalbimni og‘ritadi. Hozir men topishdan ko‘ra yo‘qotadigan davrga yaqinlashyapman. Ilgarilari kimningdir vafot etganini eshitish juda kam uchraydigan holat edi. Endi esa deyarli har kuni shunday xabarlarni eshityapmiz.
Onam tez-tez “Men sizlardan roziman”, deb aytib turadi. Bu gap qalbimga taskin beradi. Balki bilmay ranjitib qo‘ygan paytlarim bo‘lgandir, lekin onam roziligini bildirib turishi xotirjamlik beradi», — deydi san’atkor.
Shuningdek, u to‘ylardan topgan daromadini ota-onasi bilan bo‘lishishni ham odat qilganini aytdi.
Onasining birgina xohishi uchun alohida hovli qurib bergan. Ulug‘bek Rahmatullayev bir kuni onasini ranjitib qo‘yganini va bu holatdan qattiq afsuslanganini ham yashirmadi. Oradan vaqt o‘tgach, onasi unga shunday degan:
«O‘g‘lim, juda ko‘p chiroyli uylar qurding. Lekin yoshim o‘tgani sayin tinchlik va xotirjamlik istab qoldim».
Shundan keyin xonanda ota-onasi uchun alohida hovli qurib bergan. Bu hovli yashillikka burkangan, bog‘-rog‘lari bor, qushlar va hatto toshbaqalar ham yashaydigan sokin maskanga aylangan.
«Bu uy onamning shaxsiy hududi hisoblanadi», — deydi u.
«Yaxshilikni ko‘z-ko‘z qilish tarafdori emasman»
Xonanda ota-onasiga qilingan yaxshiliklarni ijtimoiy tarmoqlarda namoyish qilishni ma’qul ko‘rmasligini ham aytdi.
Uning ta’kidlashicha, buning sababi riyodan qochish va ko‘z tegishidan ehtiyot bo‘lishdir.
Ko‘pchilik ota-onasiga yoki yaqinlariga qilgan yaxshiligini video va suratga olib, internetga joylaydi. Men bunga qarshi emasman, lekin o‘zim bunday qilmayman.
Tavba, lekin men tanib bilgan ayrim insonlar shunday qilganidan keyin ko‘p o‘tmay ota-onasidan ayrilib qolishgan. Shuning uchun ham ehtiyot bo‘lish kerak, deb o‘ylayman.
«Malayziyada Imom Buxoriy nomi ko‘zga yosh keltirgan»

Ulug‘bek Rahmatullayev xorij safarlarida ham ta’sirli voqealarga duch kelgan. U Malayziyada taksi haydovchisi bilan bo‘lgan suhbatni haligacha unutmagan. Namoz vaqtida haydovchi ulardan bir oz kuttirishni so‘ragan. Keyin esa qayerlik ekanini so‘ragan. O‘sha paytlarda «O‘zbekiston» nomi hammaga ham tanish emas edi. Shu sababli xonanda o‘zini Imom al-Buxoriyning yurtidan ekanini aytgan. Bu gapdan keyin haydovchi ko‘ziga yosh olgan. U buyuk alloma haqida so‘zlab berishlarini so‘ragan va hatto «Haj safariga borishdan avval Imom Buxoriy ziyoratgohiga borish — mening orzum», deb aytgan. u voqea san’atkorni chuqur o‘ylantirib qo‘ygan.
«Viloyatlardagi to‘ylarga eng qimmat kostyumlarimni kiyaman»
Xonanda sahna madaniyatiga jiddiy munosabatda bo‘lish kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, muxlisga hurmat birinchi o‘rinda turishi lozim. Men viloyatlardagi xizmatlarga garderobimdagi eng qimmat kiyimlarni kiyib borishga harakat qilaman. Bir marta to‘yda boshqa bir san’atkor sahnaga mos bo‘lmagan kiyimda kelganini ko‘rdim. Shunda to‘y egasi qattiq norozi bo‘lgan. Qimmat bo‘lmasa ham, sahnaga munosib chiroyli kiyimlar bor-ku. Futbolka va jinsida chiqish to‘g‘ri emas. O‘zi uchun eng yaxshisini tanlab, muxlisga kelganda e’tiborsizlik qilish — bu xiyonat hisoblanadi, — deydi u.
«San’atdagi eng yaqin do‘sti kim?»

Ulug‘bek Rahmatullayev san’atda ataylab do‘st qidirmaganini aytdi. Biroq O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurashid Yo‘ldoshevni eng ishonchli insonlardan biri sifatida tilga oldi.
Biz bir-birimizga oilaviy sirlarimizni ham bemalol ayta olamiz. Unga aytgan gaplarimni boshqa odamlardan eshitmaganman, — deydi xonanda.
ushbu matnni to‘liq va so‘zma so‘z (bukvalniy) rus, ingliz, turk qozoq fransuz ispan nemis tillariga tarjima qilib ber






























Izohlar 0
…