BTS yulduzini deb eshik qo‘ng‘irog‘ini 133 marta chaldi

Janubiy Koreyada BTS guruhi a’zosi Chongukni ta’qib qilgan xorijlik muxlisga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Ma’lum bo‘lishicha, braziliyalik ayol xonandaning uyiga bir necha bor borib, hatto bir tashrifi davomida eshik qo‘ng‘irog‘ini 133 marta bosgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayol o‘tgan yilning dekabr oyidan boshlab mashhur san’atkorni kuzatib yurgan. U Chongukka bo‘lgan muhabbati sababli uning uyi oldiga bir necha bor kelgan, xatlar va suratlar qoldirishga uringan.
Seul tuman sudi mazkur holatni ko‘rib chiqib, ayolni bir yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Biroq jazo ikki yillik sinov muddati bilan kechiktirildi. Agar qaror ustidan shikoyat qilinmasa, uni Janubiy Koreyadan chiqarib yuborish ehtimoli yuqori.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, ayol ilk bor 7 dekabr kuni Chongukning Seuldagi xonadoniga kelgan. U hudud atrofida aylanib yurgan, devor orqali turli buyumlar tashlagan va eshik tirqishlariga maktublar qoldirgan.

Oradan bir necha kun o‘tib, u yana qaytib kelib, eshik qo‘ng‘irog‘ini 133 marta bosgan. Keyinchalik oziq-ovqat yetkazib berish xizmati xodimi orqasidan kirishga uringan vaqtida politsiya tomonidan ushlangan.
Huquq-tartibot idoralari ayolni ogohlantirib qo‘yib yuborgan bo‘lsa-da, u taqiqlarga amal qilmagan. Natijada politsiya maxsus order chiqarib, unga xonanda yashaydigan hududga 100 metrdan yaqinlashishni taqiqladi.
Shunga qaramay, muxlis o‘z harakatlarini davom ettirgan. Sudda ma’lum qilinishicha, u Chongukning uyi oldiga kamida 22 marta kelgan.
Sudya qaror chiqarishda gumonlanuvchining kelgusida bunday xatti-harakatlarni takrorlash ehtimoli past ekanini inobatga olgan.
Eslatib o‘tish joiz, bu Chonguk bilan bog‘liq birinchi shov-shuvli holat emas. Avvalroq xonanda harbiy xizmatni tugatganidan so‘ng uning uyiga kirishga uringan yana bir xorijlik ayol ham politsiya tomonidan qo‘lga olingan edi.






























Izohlar 0
…