Zuhra Soliyeva: “Ertaga o‘lsang, o‘ligingni kim ko‘taradi, deb yozishdi” (video)

Aktrisa Zuhra Soliyeva “24/7 podcast” dasturida ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga qoldiriladigan salbiy izohlar haqida gapirib berdi. Uning aytishicha, ayrim fikrlar juda og‘ir botgan bo‘lsa-da, ularga munosabat bildirishga harakat qilgan.
Aktrisa eng ko‘p ta’sir qilgan izohlardan biri o‘rta yoshli ayol tomonidan yozilganini esladi.
“Eng qattiq tekkani shu bo‘ldi. Bir ayol menga: 'Mening bolam bor, nevaram bor, oilam bor, uyim bor. Sen esa yolg‘izsan. Ertaga o‘lsang, o‘ligingni kim ko‘taradi? Qariliging qariyalar uyida o‘tadi', deb yozdi”, — dedi Soliyeva.
Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, u avvaliga vaziyatga xotirjam yondashishga harakat qilgan va izoh muallifiga bunday gaplarni yozmaslikni tavsiya qilgan.
“Men unga: 'Tovba deng. O‘zingiz baxtli, oilali inson ekansiz. Avlodingizda qizlaringiz, nevaralaringiz bor ekan, ularning taqdirini o‘ylab, bunday gaplarni aytmasangiz bo‘lardi', deb yozdim. Ammo u to‘xtamadi. Keyin yana: 'Sening iching alamzada, bechora, seni kiming ham, nimang ham bor?' deb yozishda davom etdi”, — deya voqeani eslab o‘tdi aktrisa.
Suhbat davomida Soliyeva ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy fikrlar ba’zan inson ruhiyatiga ta’sir qilishi mumkinligini, biroq bunday holatlarda sabr va vazminlikni saqlash muhimligini ta’kidladi.






























Izohlar 0
…