
Shaxmat olamini yaqindan kuzatib boruvchi mashhur “2700chess” portali o‘tgan hafta Londonda o‘tgan “London Chess Classic” musobaqasidagi Nodirbek Abdusattorovning o‘yiniga alohida e’tibor qaratdi. Portal tahlilchilari yozganiga ko‘ra, o‘zbek supertalantining ushbu turnirdagi chiqishi ularni jiddiy hayratga solgan va joriy reytinglarda yangi tarixiy ko‘rsatkichlar qayd etilishiga sabab bo‘lgan.
“2700chess” ekspertlari zamonaviy shaxmat tarixidagi eng yuqori individual perfomanslar ro‘yxatini yangiladi va bu borada Abdusattorovning o‘sishini alohida qayd etdi. Ushbu Top-10 ro‘yxatda Karuana, Fisher, Karlsen kabi jahon afsonalari qatorida o‘z ismini ko‘rsatib turishi Nodirbekning qay darajada elita safida mustahkam o‘rin egallayotganini yana bir bor isbotladi.

Analitiklar fikricha, Londondagi musobaqada Nodirbekning o‘yin uslubi, ayniqsa bosim yuqori bo‘lgan partiyalardagi ruhiy barqarorligi va murakkab pozitsiyalarni a’lo darajada hal etishi — uning tez o‘sib borayotgan mahoratini yaqqol ko‘rsatdi. Xal qiluvchi o‘yinlardagi tayyorgarlik, strategik fikrlash va himoyadan hujumga o‘tishdagi tezkorlik esa unga o‘ziga xos shaxmat tilini berishda davom etmoqda.
Portal shuni ham ta’kidladiki, Abdusattorovning hozirgi formasi uni hech ikkilanmasdan jahonning eng kuchli grossmeysterlari qatoriga qo‘shadi. Uning natijalari nafaqat o‘zi uchun, balki o‘zbek shaxmati uchun ham yangi bosqichni anglatadi.
London musobaqasi Nodirbekning navbatdagi yirik qadami bo‘lib, shaxmat jamoatchiligi endi undan kelgusi musobaqalarda ham yanada yuqori maqsadlarga intilgan holda harakat qilishini kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.