«Cho‘pon va shaharlik qiz»ning 2-qismi suratga olinmoqda: Mardon tirikmi?

«Cho‘pon va shaharlik qiz»ning 2-qismi suratga olinmoqda: Mardon tirikmi?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Aktyor Bunyod Ro‘zimuhammadov “Cho‘pon va shaharlik qiz” filmining ikkinchi qismi suratga olinayotganini ma’lum qildi.
  • Filmda Mardon obrazini ijro etgan aktyorning jarayonda ishtirok etishi qahramonning tirik qolganiga ishora qilmoqda.
  • Hozircha loyihaning montaj va dublyaj ishlari davom etayotgani sababli premera sanasi hamda namoyish etiladigan platforma aniq emas.

Aktyor Bunyod Ro‘zimuhammadov “Intervyu TV”ga bergan intervyusida “Cho‘pon va shaharlik qiz” filmining ikkinchi qismi ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlaridan filmning davomi suratga olinayotgani anglashildi.

Aktyor suhbat boshida kiyimiga e’tibor qaratmaslikni so‘rab, hozirgina suratga olish jarayonidan chiqqanini aytdi.

“O‘rtoqlar, bu kiyimda o‘tirganimga e’tibor bermanglar. Hozir shundoq syomkadan chiqdik. 'Cho‘pon va shaharlik qiz' ikkinchi qismidan to‘g‘ri mana akamning oldiga keldik”, — dedi u.

Suhbat davomida boshlovchi filmning premyerasi qachon va qayerda, nima bo‘lishi bilan qiziqdi. Biroq aktyor filmdagi voqelar rivoji haqida hozircha aniq ma’lumot bera olmasligini bildirdi.

“Yo‘q, yo‘q, aytmayman, ayta olmayman”, — deya javob berdi Bunyod Ro‘zimuhammadov.

Shuningdek, film YouTube'da yoki boshqa platformalarda namoyish etilishi mumkinligi haqida ham savol berildi. Aktyor esa premyera joyi va namoyish platformasi hali aniq emasligini tushuntirdi.

“Hozir aniq qayerda taqdim qilishini bilmayman, aka, to‘g‘risi. Chunki film taqdim etilishidan oldin dublyaj, montaj ishlari bor. Bundan tashqari, kompozitorning ishlari ham bor. O‘sha narsalar tayyor bo‘lganidan keyin o‘zimizga aytishadi. O‘shanda bilaman. Hozir qaysi platformada chiqishi haqida aniq javob bera olmayman”, — dedi aktyor.

Suhbatning eng qiziqarli jihatlaridan biri esa filmning birinchi qismida Mardon obrazini gavdalantirgan aktyorning davomida ham ishtirok etayotgani bo‘ldi. Boshlovchi bundan kelib chiqib, qahramon tirik qolganiga ishora qildi.

“Hech bo‘lmasa, bitta savolga aniq javob oldik: Mardon o‘lmagan. Agar o‘lganida, ikkinchi qismida o‘ynamagan bo‘lardingiz”, — dedi boshlovchi.

Bunyod Ro‘zimuhammadov esa hazil aralash: “Men tirikman”, — deya javob qaytardi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham filmning davomini intiqlik bilan kutishmoqda. Izohlarda tomoshabinlar yangi qism tezroq namoyish etilishini istashlarini yozib qoldirishgan.

Hozircha filmning premyera sanasi va uni qaysi platformada tomosha qilish mumkinligi rasman ma’lum qilinmagan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar