10:00 / 29.09.2020
1 395

«Sevimli» telekanali turk serialidagi qizlarning oyoqlari xiralashtirilayotganiga izoh berdi

«Sevimli» telekanali turk serialidagi qizlarning oyoqlari xiralashtirilayotganiga izoh berdi
Foto: «Sevimli» telekanali
Ijtimoiy tarmoqlarda «Sevimli» telekanalida efirga uzatilayotgan «Gunesh qizlari» turk serialidagi kalta shorti kiygan qizning oyoqlari xiralashtirilgani aks etgan suratlar tarqaldi. Qizlarning oyoqlari xiralashtirilishi holatlarini serialning boshqa sahnalarida ham ko‘rish mumkin.

Ayrim kadrlarda qizlar tanasining ochiq qismlari muharrirlar e’tiboridan chetda qolgan. Biroq aynan ushbu sahna boshqa rakursdan ko‘rsatilganida qizning oyoqlari xiralashtirilgan.

Foto: «Sevimli» telekanali

Foto: «Sevimli» telekanali
«Gazeta.uz» ushbu holatlarga oydinlik kiritish maqsadida telekanal bosh muharriri o‘rinbosari Qahramon Saidaliyev bilan bog‘landi.

Foto: «Sevimli» telekanali
Qahramon Saidaliyev ochiq kiyingan serial qahramonlarining tana qismlari muharrirlar tomonidan xiralashtirilishini tan olgan.
«‘Gunesh qizlari’ seriali yoz faslida suratga olingani uchun aktrisa u yerda kalta shortida ko‘rinadi. Biz buni maksimal darajada xiralashtirishga harakat qilamiz. Muharrirlarimiz shu maqsadda biroz xiralashtiribdi», — deydi u.

Bosh muharrir o‘rinbosari kadrlarni xiralashtirish bo‘yicha davlat tomonidan hech qanday talab yo‘qligini aytib o‘tgan.
«Biz buni amaldagi qonunchilikdan, umumiy o‘zbek mentaliteti, odamlarning dunyoqarashidan kelib chiqib qilamiz. Kimdir bu haqda salbiy fikr bildiradi, kimdir to‘g‘ri qaraydi. Shunga qaramay, masalan, bizning shaharlarimizda ham qizlar shunday kiyinadi. Jamiyatda aholining ma’lum qatlami bunga diniy nuqtai nazardan qaraydi. Masalan, ularga bu yoqmaydi», — deydi u.

Qahramon Saidaliyevning qayd etishicha, O‘zbekiston qonunchiligida «Yoshlarning madaniy va ma’naviy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi axborotni tarqatish» ga oid mezonlar mavjud.
«Alohida qonun hujjatida bu qayd etilmagan, biroq umumiy qonunchilikda bor», — deydi Sevimli telekanali vakili.

«Agar o‘zbek telekanallarini 26 million kishi tomosha qilsa, biz ularning fikrini, ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarini o‘rganamiz. Shundan hamda umummilliy qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda biz aholi uchun toza, yaxshi serial, odamlarga yoqadigan kino taqdim etishga harakat qilamiz. Agar ochiq kiyimlar tufayli e’tirozlar bo‘lsa, bunday hollarda biroz kiyimlarni yopishga harakat qilamiz. Ayrim hollarda kino yoki serialning mazmuniga ta’sir ko‘rsatmasa, bunday kadrlarni to‘liq olib ham tashlashimiz mumkin», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Bosh muharrir o‘rinbosari bu tomoshabinlar fikrini inobatga oladigan telekanal siyosati ekanligini alohida qayd etgan.
«O‘zbek televideniyesining rivojlanishi bilan markaziy kanallar soni 18-19 taga yaqinlashdi. Odamlarda tanlash huquqi bor. Agar bu sizning oilangizga yoqmayotgan bo‘lsa, boshqa kanalni ko‘rishingiz mumkin. Biroq biz odamlar fikrini tinglashga hamda seriallarga o‘zgartirish kiritishga harakat qilamiz», — deydi Qahramon Saidaliyev.

Sevimli nodavlat telekanali o‘zini oila qadriyatlari va odamlarning birligi, har bir uyda mehr va nur, baxt va quvonch hisoblanuvchi oilaviy telekanal sifatida tavsiflaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)