2023 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.
Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish tariflari o‘zgaradi
Prezident qaroriga muvofiq jamoat transportidan foydalanishda yo‘lovchilar uchun qulay tariflarni joriy etish hamda elektron to‘lovlarni ommalashtirish maqsadida 2023 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahrida quyidagicha tartib joriy etiladi:
- bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tariflar qo‘llanadi;
- yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan foydalanishda, uning turidan qat’i nazar, kunlik, bir, uch va olti oylik, yillik cheklangan va cheklanmagan tarif rejalari joriy etiladi;
- yo‘nalishlarda yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflar belgilanadi.
Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlar markazlarida transport vositalari harakat tezligi soatiga 60 kilometrgacha tushiriladi
Prezident farmoniga asosan Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.
25 yildan oshiq pedagogik stajga ega bo‘lgan pedagoglar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi
Hukumat qaroriga asosan quyidagi pedagoglar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi:
- pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega bo‘lgan pedagog xodimlar;
- yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddat qolgan pedagog xodimlar.
Pensiya va nafaqalar oshadi
Prezident farmoni bilan 1 apreldan boshlab pensiya va nafaqalar miqdori 7% ga oshiriladi.
Pensiya oluvchilar metrodan bepul foydalanadi
Prezident qarori bilan Toshkent metropolitenining to‘liq faoliyat ko‘rsatishi vaqti davomida pensiya oluvchilarga bepul xizmat ko‘rsatiladi.
Bunda, Toshkent metropolitenining mazkur bandda ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatish evaziga olinmay qolgan daromadlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab boriladi.
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa miqdori harbiy xizmatchi maoshining 150 baravari miqdorida belgilanadi
Prezident farmoniga asosan 2023 yil 1 apreldan boshlab:
- halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida belgilansin;
- harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilansin;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a’zolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi beriladi.
Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yo‘lga qo‘yishga ruxsat etiladi
Prezident farmoniga asosan maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadida:
- yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil qilishga ruxsat etiladi;
- davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yilishiga oid cheklovlar bekor qilinadi.
Litsey, texnikum pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari maktab o‘qituvchilarinikiga tenglashtiriladi
Prezident farmoniga ko‘ra:
- professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga;
- professional ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan, malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.
Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslarning nogironligi idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi
Nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.
Yuridik shaxslar qayta tashkil etilganda, korxonalarning huquq va majburiyatlari qayta tashkil etilgan yuridik shaxsga o‘tgan hisoblanadi
Prezident qaroriga asosan xo‘jalik jamiyatlarining ishtirokchisi (aksiyadori) va kreditorlari huquqlarini himoya qilish maqsadida quyidagicha tartib o‘rnatiladi:
- mas’uliyati cheklangan jamiyat ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo‘shiladigan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ming baravaridan ko‘p bo‘lgan pulsiz hissalar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi va baholangan qiymatdan yuqori bo‘lishi mumkin emas;
- yuridik shaxslar qo‘shib yuborish, qo‘shib olish va tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirish orqali qayta tashkil etilganda, korxonalarning huquq va majburiyatlari, topshirish hujjatida ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmaganligidan qat’i nazar, qayta tashkil etilgan yuridik shaxsga o‘tgan hisoblanadi;
- xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashining aksiya, korporativ obligatsiya va boshqa qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bo‘yicha qarorlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq muhim fakt sifatida oshkor qilinadi.
Daromadi 10 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xaridlarida 20 foizlik kvota joriy etiladi
Prezident farmoniga asosan jami daromadi 10 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xaridlarida 20 foizlik kvota joriy etiladi va ushbu xaridlar doirasida budjet buyurtmachilari bilan tuziladigan shartnomalarda 50 foiz miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirish nazarda tutiladi.
Umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga soliq imtiyozlari beriladi
Prezident qaroriga binoan 2023 yil 1 apreldan boshlab umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘i, qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘i hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmog‘ga sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini to‘lashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran uch yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa — o‘n yil muddatga ozod etiladi.
Paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga ularning ishchilari tomonidan to‘langan daromad solig‘ini qaytarib berish tartibi joriy etiladi
Prezident qaroriga asosan 2023 yil 1 apreldan 2024 yil 1 mayga qadar eksperiment tariqasida respublika budjetidan paxta va (yoki) g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga ularning ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini qaytarib berish tartibi joriy etiladi.
Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari yagona bazada saqlab boriladi
Prezident farmoniga asosan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari majburiy tartibda mualliflik huquqi obyektlarining yagona bazasida saqlanadi.
«Intellektual mulk markazi» davlat muassasasi Yagona bazani yuritish, texnik ta’minlash hamda mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonini muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul — operator etib belgilanadi.
Shuningdek, 1 apreldan boshlab mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom kuchga kiradi.
Suv omborlari to‘g‘onlarida seysmik xavfni oldindan prognoz qilish va baholash amaliyoti joriy qilinadi
Prezident farmoniga asosan suv omborlari to‘g‘onlarida seysmik xavfni oldindan prognoz qilish va baholash amaliyotini joriy qilish maqsadida:
- kosmik monitoring doirasida simulyatsion dastur orqali zilzila tufayli to‘g‘on o‘pirilishi oqibatida suv bosishi mumkin bo‘lgan respublika hududlarining vizual 3D modellarini ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
- suv omborlari to‘g‘onlari o‘pirilishi oqibatida qutqaruv ishlarini tashkillashtirishida tegishli vazirlik va idoralarni zarur kosmik suratlar hamda ishlov berilgan ma’lumotlar bilan ta’minlash tizimi joriy etiladi.
Parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar berishda «my.vetgov.uz» saytida ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi
Prezident qaroriga asosan parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqi faqatgina «my.vetgov.uz» saytida ro‘yxatdan o‘tgan hamda belgilangan tartibdagi mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xo‘jaliklariga beriladi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Grandlar nishonida turgan Husanovning o‘yini Yevropada qanday baholandi?
JCH-2026 saralashi. Qirg‘iz Respublikasi Eronga qarshi o‘yinda baribir mag‘lub bo‘ldi