date

Ra’no Yarasheva Prezident Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha takliflarini berdi

Ra’no Yarasheva Prezident Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha takliflarini berdi

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorda xalqimizning, korxonalar, tashkilotlar, ta’lim muassasalari va keng jamoatchilikning fikrini hisobga olib, bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha takliflar kiritish masalasiga alohida to‘xtalingan. Unga ko‘ra, jamoatchilik ham o‘z takliflarini berishi mumkin, deb yozmoqda "Qalampir.uz" nashri.

Bugun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva mungli ovozda tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, qarorga ko‘ra, OAV orqali o‘z takliflarini bildirish istagida ekanini ma’lum qildi.

“Ayni damda butun O‘zbekiston ahli chuqur qayg‘uda. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov shu millat, shu Vatan uchun umrini safarbar qildi, jonini tikdi. Evaziga bugungi dorilamon hayotga etib keldik. Bu inson O‘zbekiston degan mamlakat hayotida yangi tarixni yaratdi, xalqni jipslashtirdi, ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir, degan azaliy haqiqatning qanchalik chuqur ma’no-mazmunga ega ekanini anglatdi. Adolatli yo‘lboshchining etagidan tutgan xalqimiz bugungi kunlarga o‘z kuchi, mehnati bilan erishdi.

Fikrimcha, Islom Karimovning umr yo‘li, faoliyati, davlat va xalq manfaati yo‘lida amalga oshirgan xayrli ishlari, huv o‘sha, Qashqadaryoda ish boshlagan davrlaridan to umrining so‘nggiga qadar Mustaqil O‘zbekiston uchun qilgan say’-harakatlarini umumlashtirib, maktab, akademik lisey, kasb-hunar kollejlari hamda oliy o‘quv yurtlari uchun yangi darslik chop ettirish kerak. O‘zbekistonning so‘nggi 25 yil ichida bosib o‘tgan yo‘li va Prezident Islom Karimov amalga oshirgan islohotlar bunga arziydi.

Xalqimiz Prezident Islom Karimovni qanchalik yaxshi ko‘rishiga shu kecha-kunduzda o‘zimiz guvoh bo‘lib turibmiz. Albatta, Prezident Islom Karimov ham o‘z xalqini juda yaxshi ko‘rardi. Shu sabab ular ishtirokidagi yig‘ilishlar, ko‘rsatuvlar, hujjatli filmlarni jamlab, har kuni bir vaqtda “O‘zbekiston” telekanali orqali berib borilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Boisi biz yoshi kattalar Islom Karimovga O‘zbekistonni sobiq Ittifoqdan yulib olish, Mustaqil deb e’lon qilish, tashqaridagi yovlar bilan kurashish va ichki masalalarni hal etish, og‘ir ahvolda qolgan mamlakatni oyoqqa qo‘yish oson kechmaganini bilamiz. Kechagina “Prezident sovg‘asi”ni ko‘tarib kelgan bolalar ham buni bilishi, anglashi, shu kunlarning qadriga etishi, o‘xshasa shu bobosiga o‘xshashi kerak.

Ishonamizki, Prezidentimizning shogirdlari, ular millat xalq manfaati, millat ravnaqi uchun xizmat qilgan insonlar Islom Karimov olib borgan ishlarni davom ettiradi. Buning uchun esa har bir fuqaro o‘z xizmatini ayamay, yurt koriga kamarbasta bo‘lishi zarur”, deydi Ra’no Yarasheva.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ra’no Yarasheva Prezident Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha takliflarini berdi