17:15 / 28.11.2024
2

O‘zbekistonda korrupsiyadan xoli hududlar yaratiladi

O‘zbekistonda korrupsiyadan xoli hududlar yaratiladi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish maqsadida “Shaffof shaharlar” va “Halol tumanlar” loyihalari ishga tushirilayotganini e’lon qildi.

Agentlik va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida davlat hokimiyati organlarida korrupsiya xavflarini aniqlash, oldini olish hamda bartaraf etishga qaratilgan “Shaffof shaharlar” va “Halol tumanlar” dasturlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu dasturlar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshiriladi.

Dastlabki bosqichda dastur Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, Jizzax viloyatining Jizzax shahri va Buxoro viloyatining Vobkent tumanida amalga oshiriladi.

“Shaffof shaharlar” va “Halol tumanlar” — bu idora va tashkilotlar ichida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishini istisno etadigan halollik, shaffoflik va axloqning yuqori standartlari amal qiladigan maxsus yaratilgan hududlardir.

Agentlik xabarida aytilishicha, ushbu loyihalar asosidagi metodologiya Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Janubi-Sharqiy Yevropaning 11 mamlakatida o‘z samaradorligini isbotladi. U 30 ta mahalliy hokimiyat organida qo‘llanildi va 2011 yilda davlat xizmatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun BMT mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Qayd etilishicha, ushbu chora-tadbirlar korrupsiyadan xoli hududlarni yaratishga yordam beradi va ular muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng dastur boshqa barcha tuman va shaharlarga tatbiq etiladi.

16 noyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida “Korrupsiyaga qarshi kurashda korrupsiya haqida xabar berishning o‘rni va ta’siri” mavzusida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari hamda “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi taqdimoti o‘tkazilgandi. Akmal Burhonov loyiha natijalari haqida fikr bildirar ekan, respondentlarning yarmidan ko‘pi xabar berish oqibatidan qo‘rqishi achinarli ekanligini ta’kidlagandi.

“Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari, Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari komissiyasi va BMT Taraqqiyot dasturi ekspertlari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan tayyorlangan.

Uni ishlab chiqishdan asosiy maqsad korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish, halollik standartini joriy qilish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, xabar bergan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish hamda rag‘batlantirish bilan bog‘liq boshqa munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

O‘zbekistonda korrupsiya haqida xabar berganlarga himoya choralari belgilanishi haqida 2024 yilning mayida ma’lum qilingandi. Mart oyida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya ishlab chiqildi. Milliy strategiyani 2024—2025 yillarda amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasida 7 ta yo‘nalishda korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

Tahlillarga ko‘ra, hozirda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil qilmoqda. Shavkat Mirziyoyev eng yomoni jamiyat ko‘radigan ma’naviy zarar ekanini ta’kidlagandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda korrupsiyadan xoli hududlar yaratiladi