
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, bu erdagi ishlab chiqarish quvvatlari, ilgʻor ishlanmalar, harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar bilan tanishdi.

Mazkur Innovatsion texnologiyalar markazida 80 ga yaqin harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, robototexnika va uchuvchisiz apparatlar boʻyicha startap loyihalari qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Tashrif chogʻida harbiy texnikaning yangi namunalari, mudofaa sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha istiqbolli loyiha va rejalar taqdimot qilindi.

Davlat rahbari bu birinchi qadamlar boʻlganini aytib, mudofaa tizimining raqobatbardoshligini oshirib borish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Ishlab chiqarishni muntazam takomillashtirib, yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish, bunda innovatsion texnologiyalar va sun'iy intellektdan keng foydalanish muhimligi ta'kidlandi.

Shu bilan birga, buyurtma asosida sohaga xususiy sektorni kengroq jalb etib, harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulot turlarini koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Yangi ish oʻrinlari yaratish, mutaxassislarni tizimli tayyorlash, yangi texnikalar boʻyicha ilmiy laboratoriyalar tashkil etish masalalariga e'tibor qaratildi.

Oʻzbekiston mudofaa sanoati korxonalari xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazmalarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, joriy yilning 17-21 fevral kunlari Abu-Dabi shahrida (BAA) boʻlib oʻtayotgan IDEX-2025 koʻrgazmasida mamlakatda ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq harbiy texnika va mahsulotlar namunalari namoyish etilmoqda. Xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uygʻotgan "Arslon 8×8" va "Arslon 6×6" zirhli transportyorlar, "Toʻfon" oʻziyurar gaubitsasi shular jumlasidan.

Tashrif yakunida prezident mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini koʻrsatib, mutasaddilar oldiga mahsulotlarning yuqori sifatini ta'minlash, ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish va mahalliy korxonalarning xalqaro bozordagi oʻrnini mustahkamlash yuzasidan aniq vazifalar qoʻydi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar