date
views 66

O‘zbekiston universitetlariga Britaniyadan professor-o‘qituvchilar jalb qilinadi

O‘zbekiston universitetlariga Britaniyadan professor-o‘qituvchilar jalb qilinadi
Joriy yilning navbatdagi yirik ta’lim tadbirlaridan biri London shahrida uchinchi O‘zbekiston-Britaniya ta’lim forumi bo‘ldi. Ushbu nufuzli anjumanda ikki mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ilmiy-tadqiqotchilar, ta’lim sohasi bo‘yicha xalqaro mutaxassislar, Britaniya akademik hamjamiyatining nufuzli vakillari hamda universitetlari rahbarlari faol ishtirok etdilar.

Forumning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab, kelgusidagi ustuvor vazifalarni muhokama qildilar.

Forum davomida ta’lim tizimidagi innovatsion amaliyotlarni qo‘llash va rivojlantirish, universitetlar va sanoat korxonalari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish va ularning bandligini ta’minlash kabi muhim mavzular atroflicha muhokama qilindi.

Anjuman ishtirokchilari ta’lim sohasida barqaror o‘zgarishlarni amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida inklyuziv oliy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish borasida ham fikr almashdilar. Shuningdek, har ikki tomondan universitetlar o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlari va xalqaro konferensiyalar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Forum yakunida ikki mamlakatning oliy ta’lim sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, 50 nafardan ortiq Britaniyaning yetakchi professor-o‘qituvchilari va mutaxassislarini O‘zbekiston universitetlariga jalb qilish masalasida aniq kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Britaniya universitetlari bilan birgalikda xalqaro ilmiy konferensiyalar tashkil etish, yangi o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish, qo‘shma dasturlar hamda o‘zaro almashinuv tadbirlarini yo‘lga qo‘yish kabi muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.

Bu esa O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun yangi bosqich bo‘lib, yoshlarimizga xalqaro darajadagi ta’lim olish imkoniyatini yaratadi hamda mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi. Ushbu forum ikki mamlakat oliy ta’lim sohasidagi hamkorligining kelgusi bosqichlarini belgilab, yuqori natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratdi.

Foto: "Dunyo" AA
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston universitetlariga Britaniyadan professor-o‘qituvchilar jalb qilinadi