date
views 143

Chet eldan qaytganlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi: qonunchilikka o‘zgartirish kiritiladi

Chet eldan qaytganlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi: qonunchilikka o‘zgartirish kiritiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi muhim qonun loyihasi keng muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasi mamlakat aholisining sog‘lig‘ini muhofaza qilish, jamiyatda yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan. Qonunga ko‘ra, chet elda uzluksiz 90 kun yoki undan ko‘proq muddat bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarolari, respublikada doimiy yashovchi chet el fuqarolari hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatga kirib kelayotgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar majburiy ravishda tibbiy ko‘rikdan, jumladan, OIVga qarshi tekshiruvdan o‘tishlari kerak bo‘ladi.

Yig‘ilishda tashabbuskor deputat Sherzod Qulmatovning ta’kidlashicha, 90 kun muddati tanlanishi bejiz emas. Mazkur muddat virus yoki yuqumli kasallik inson organizmida yashirin holda bo‘lib, aynan shu davrdan so‘ng klinik belgilarni ko‘rsata boshlashi mumkin. Shu sababli, bu muddat tibbiy nuqtayi nazardan asoslidir.

"Har bir fuqaro chet eldan qaytganidan so‘ng o‘zining va oilasining sog‘lig‘ini asrashi kerak. Bunda shifokor nazoratidan o‘z vaqtida o‘tish, xavfli kasalliklar tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun muhim ahamiyat kasb etadi", – dedi Sherzod Qulmatov o‘z nutqida.

Qonun loyihasi o‘z navbatida mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, ijtimoiy xavfsizlikni mustahkamlash va aholi salomatligi uchun tahdid bo‘lgan turli yuqumli kasalliklarga qarshi ta’sirchan huquqiy mexanizmlar yaratishga ham qaratilgan.

Muhokamalar yakunida deputatlar ushbu qonun loyihasini bir ovozdan ma’qullab, uning ahamiyatini yana bir bor ta’kidlab o‘tishdi. Ushbu yangi o‘zgarishlar tez orada amaliyotga tatbiq etilishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Chet eldan qaytganlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi: qonunchilikka o‘zgartirish kiritiladi