
Iqtisodchi Behzod Hoshimovning tanqidiy fikrlari jamoatchilikda dolzarb muhokamaga aylandi. Unga ko‘ra, hozirda muhokama markazida turgan viloyatlararo harakat cheklovlari va haydovchilar faoliyatiga qaratilgan yangi tartiblar jamiyatda asosli va chuqur savollar tug‘dirmoqda.
Toshkentdagi avtomobil tirbandliklariga qarshi kurashish bahonasida viloyatdan kelgan haydovchilarning faoliyatini cheklash taklifi mutaxassis tomonidan xato va samarasiz yechim sifatida baholandi.
"Muammo talabda, taklifda emas", — deydi iqtisodchi. Toshkentda juda ko‘p fuqarolar shaxsiy avtomashinada harakatlanadi. Hozirgi sharoitda to‘g‘ri yechimlar sifatida jamoat transportiga investitsiya kiritish, shahar markazlarida pullik avtoturargohlar tashkil etish yoki muayyan vaqtlarda harakat uchun haq to‘lash kabi vositalarni qo‘llash mumkin. Biroq bu o‘rniga qaysi viloyatdan ekanini asos qilib, ishlash huquqini cheklash demokratik jamiyat mezonlariga mutlaqo zid.
Xalqaro tajribaga nazar: Janubiy Amerikada amalga oshirilgan raqamga qarab harakatlanish rejimi natijasida aholi ikki barobar ko‘proq avtomobil xarid qilgan — muammo yechilmagan, aksincha kuchaygan.
Shu bilan birga, masala faqat iqtisodiy emas, balki huquqiy-huquqbuzarlikka aylanishi mumkin. Chunki Konstitutsiyaga asosan, O‘zbekiston fuqarosi mamlakat ichida erkin harakatlanish, ishlash va yashash huquqiga ega. Viloyat mansubligi asosida mehnat qilishga to‘siq qo‘yish bevosita inson huquqlariga zid keladi.
Behzod Hoshimov bunday cheklovlar mantiqsizligini tushuntirish uchun yana bir qiziq tafakkur tajribasini taqdim etadi: “Qashqadaryolik haydovchi Toshkentda ishlamasligi kerak” degan fikrga ishongan odam, “Yunusobodlik haydovchi Sergelida ishlay olmaydi” degan gapni ham qabul qila oladimi? Yo‘q, albatta. Lekin ularning farqi yo‘q – ikkalasi ham O‘zbekiston hududida yashaydigan fuqarolar.
Xulosa: Bir davlat ichida insonlarni kelib chiqishiga qarab ajratish, ishlash imkonini cheklash — erkinlik tamoyillariga qarshi. Nyu York va Nyu Jersi misolidagi kabi, davlat fuqarolari o‘z yurtida erkin mehnat qilish huquqiga ega bo‘lishi kerak. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar