
"UzAuto Motors" AJda muhim tashkiliy o‘zgarish amalga oshirildi — kompaniya bosh direktori lavozimiga tajribali mutaxassis Yanosh Kovach tayinlandi. Mazkur qaror “UzAuto Motors” AJ Kuzatuv kengashining yig‘ilishida qabul qilindi va rasmiy tarzda e’lon qilindi.
Yanosh Kovach so‘nggi yillarda kompaniyaning Kuzatuv kengashi a’zosi va audit qo‘mitasi a’zosi sifatida samarali faoliyat olib bordi. Endi esa u kompaniya rahbarligiga kelib, o‘zining boy tajribasi va bilimlarini to‘liq ishga solish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi bosh direktor Vengriyada tug‘ilgan. U muvaffaqiyatli kasbiy yo‘lini Budapesht texnika universitetida avtomobilsozlik texnologiyalari bo‘yicha muhandislik mutaxassisligini tamomlagandan so‘ng boshladi. Yanosh Kovach o‘z kasb yo‘li davomida bir qator xalqaro avtomobil sanoati gigantlarida — General Motors, Opel, GM Powertrain Uzbekistan, UzAuto Peugeot Citroën Automotive va VinFast Automotive kabi yirik kompaniyalarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Yanosh Kovach, ayniqsa, sifatni boshqarish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, avtomobil zavodlari boshqaruvi, innovatsiya va yuqori texnologik yechimlarni joriy etish sohalarida katta tajribaga ega. Uning rahbarligida UzAuto Motors zamonaviylashish, raqobatbardoshlikni oshirish va yangi bosqichga chiqishga intilmoqda.
Ta’kidlash joizki, kompaniyani 2021 yil avgustidan 2024 yil oxirigacha shvetsiyalik Bo Andersson boshqargan. Keyinchalik bosh direktor vazifasini bajaruvchi etib “Avtooyna”ning sobiq rahbari Odiljon Bastamqulov tayinlangan edi.
Hozirgi kunda UzAuto Motors'ning yuqori turuvchi tashkiloti — “O‘zavtosanoat” AJga 2023 yil martidan beri Shavkat Umrzoqov rahbarlik qilib kelmoqda.
Yangi rahbar bilan UzAuto Motors'dan yangi yangiliklar, texnologik innovatsiyalar va sifatli o‘zgarishlar kutilayotgani sir emas. Kompaniya O‘zbekiston avtomobil bozorining asosiy lokomotivi sifatida yangi davrni boshlab, ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshlikni yanada oshirishga intiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar