BYD ikkinchi avlod Blade Battery batareyalarining yuqori samaradorligini eʼlon qildi

BYD kompaniyasining batareyalar boʻlinmasi texnik direktori Sun Huajun litiy-temir-fosfat (LFP) texnologiyasining kelajagi haqida oʻz qarashlarini maʼlum qildi. Kompaniyaning ikkinchi avlod Blade Battery batareyalari 1500 kW quvvatga ega stansiyalarda atigi toʻqqiz daqiqa ichida 10 foizdan 97 foizgacha quvvat olish imkoniyatiga ega. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hatto -30°C sovuqda ham batareya samaradorligini yoʻqotmaydi: quvvatlash jarayoni xona haroratiga nisbatan atigi uch daqiqaga koʻproq vaqt oladi. BYD ushbu texnologiyani qoʻllab-quvvatlash uchun "Flash Charge China" strategiyasini ishga tushirib, yil oxirigacha 20 000 ta tezkor quvvatlash stansiyasini oʻrnatishni rejalashtirmoqda.
Baʼzi ekspertlar yuqori quvvat batareyaning qizib ketishiga va uning ishlash muddatiga salbiy taʼsir koʻrsatishidan xavotir bildirgan boʻlsa-da, Sun Huajun bu xavotirlarni asossiz deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, Blade Battery batareyasining simmetrik tuzilishi va ikki tomonlama sovutish tizimi issiqlikni samarali boshqarish imkonini beradi.
Kompaniya batareya ishonchliligini tekshirish uchun 1000 dan ortiq toʻliq tezkor quvvatlash sikllarini oʻtkazdi va ekstremal masofalarga qilingan safarlarni modellashtirdi. Shuningdek, yaqinda oʻtkazilgan jonli efirda blogerlar batareya blokini turli mexanik asboblar yordamida qismlarga ajratib, uning mustahkamligini amalda namoyish etishdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!