date
views 103

Toshkentda Xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi

Toshkentda Xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi
Toshkent shahrida yangi formatdagi sud organi — Xalqaro tijorat sudi (TICC) tashkil etiladi, deb Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ma’lum qilindi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan ma’lum qilinishiga ko‘ra, mazkur sud organining tashkil etilishi xorijiy investorlarga xalqaro umumiy huquq (common law) asosida O‘zbekistonda sudga murojaat qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Toshkent xalqaro arbitraj markazi rahbari Diana Bayzakovaning ta’kidlashicha, yangi sud organi investorlarga o‘z huquqlarini turli mexanizmlar orqali himoya qilish imkonini beradi. Endi ular arbitraj, xo‘jalik sudi yoki TICC orqali o‘z da’volarini ko‘rib chiqtirishni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu holat O‘zbekistonda investorlar uchun qulay va ishonchli huquqiy muhit yaratilayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekistonning yetakchi huquqshunoslaridan biri, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Islombek Rustambekov, bu yangilik kelgusida umumiy huquq tizimini yaxshi o‘zlashtirgan advokatlarga ehtiyojni oshirishini ta’kidlab o‘tdi. Shu bois, u mamlakat bunday kadrlar tayyorlashga hozirdan tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini alohida qayd etdi.

Mavjud xo‘jalik sudlari yuklama jihatdan haddan tashqari og‘ir sharoitda ishlayapti. Ular asosan o‘zbek va rus tillarida faoliyat yuritadi, chet el qonunchiligi bilan ishlash tajribasi esa hozircha yetarli emas. Shuningdek, xorijiy advokatlar mahalliy qonunlar va litsenziyalar bilan bog‘liq talablar tufayli mijozlarni samarali himoya qilish imkoniyatiga ega emas.

Yangi sud tizimi, ya’ni TICC, ana shu muammolar yechimi sifatida ko‘rilmoqda. U nafaqat investorlar huquqini himoya qilishda, balki mamlakatning butun sud-huquq tizimini rivojlantirishda ham muhim huquqiy laboratoriya vazifasini o‘tashi mumkinligi qayd etilmoqda.

Huquqshunos mutaxassislar fikricha, TICC nafaqat huquqiy amaliyotni modernizatsiyalashga, balki O‘zbekistonda huquqshunoslik ta’limi va xalqaro yuristlar tayyorlash tizimida yangi bosqichni boshlashga turtki bo‘ladi. Umuman olganda, bu tashabbus respublikadagi investitsiya muhitini xalqaro standartlarga moslashtirishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Yangi sud tizimi orqali chet ellik investorlar o‘zlarini himoyalangan his qilishi, investitsiyalar oqimi ortishi va huquqiy kafolatlar kuchayishi kutilmoqda. TICCning tashkil etilishi O‘zbekistonni mintaqada huquqiy barqarorlik va biznes uchun ishonchli yurisdiksiya sifatida yanada tanitishi shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda Xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi