date

Toshkentda rossiyalik bolalar uchun esda qolarli ta’til boshlandi

Toshkentda rossiyalik bolalar uchun esda qolarli ta’til boshlandi
O‘zaro hamkorlik, insonparvarlik va bolalar do‘stligi — bu safargi tashabbusning asosiy mezoniga aylandi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi taklifiga muvofiq, Rossiyaning Belgorod va Bryansk viloyatlaridan tashrif buyurgan 99 nafar bola Toshkent viloyatida joylashgan “Anor” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida 2 haftalik o‘ziga xos ta’tilni boshladi.

Bu haqda rasmiy ma’lumot Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan berildi. Qayd etilishicha, bolalarni Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olish marosimi uyushtirildi. Unda Rossiyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Andrey Lanchikov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbarlari hamda Tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirok etdi.

Elchixona rasmiy xabarnomasida bunday yorqin va yaxshilikka yo‘g‘rilgan aksiya birinchi marta amalga oshirilayotgani ta’kidlangan:
“O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildiramiz. Bu tashabbus, albatta, bolalarning hayotida unutilmas xotiralar qoldiradi. Mehmondo‘stlik va iliq munosabatlar uchun minnatdormiz”, — deyiladi rasmiy bayonotda.

“Anor” oromgohi bolalar uchun nafaqat sog‘lomlashish, balki do‘stlar orttirish, madaniyatlar bilan tanishish, tabiat bag‘rida maroqli vaqt o‘tkazish imkonini ham beradi. Ta’limiy va madaniy dasturlar, sport musobaqalari, ekoturlar va turli ijodiy faoliyatlar bolalarning ta’tilini yanada mazmunli va foydali qilishi kutilmoqda.

Bu loyiha nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, balki yosh avlodning hamkorlik, do‘stlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalanishiga xizmat qiladi. Bolalarning olib ketadigan taassurotlari esa mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarning chuqurlashuviga zamin yaratishi mumkin.

Ta’kidlash joiz, bunday tashabbuslar kelgusida yana ko‘p marta takrorlanishi va yanada keng ko‘lamda amalga oshirilishi kutilmoqda. Chunki yosh avlod — kelajak poydevoridir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda rossiyalik bolalar uchun esda qolarli ta’til boshlandi