Ukrainaning nufuzi Kyiv Diplomatic jurnalida "O‘zbekiston xalqaro turizm markaziga aylanmoqda" sarlavhali tahliliy maqola chop etildi. Unda mamlakatimizda tashqi turizm sohasida kuzatilayotgan tezkor o‘sish va hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar keng yoritildi.
Nashr ta’kidlashicha, viza jarayonlarining engillashtirilishi, aviaqatnovlar geografiyasining kengayishi, qo‘shni davlatlar bilan yaqin hamkorlikning kuchayishi hamda turli ma’muriy to‘siqlarning bekor qilinishi, pandemiyadan keyin odamlarning yangi taassurotlarga chanqoqligi turizm rivojiga katta turtki berdi.
Jurnal ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil davomida O‘zbekistonga kelgan xorijiy mehmonlar soni 5,7 milliondan oshib ketdi. Bu esa so‘nggi yillarda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.
Maqolada aytilishicha, mamlakatimizga Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQShdan o‘n minglab sayyohlar tashrif buyurgan. Bu jarayon avvalo hukumatning turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratgan qat’iy siyosatining samarasi hisoblanadi. Yangi mehmonxonalar qurilishi, transport tizimining yaxshilanishi, xalqaro miqyosdagi madaniy tadbirlar va festivallar tashkil etilishi turizm tarmog‘ining yanada jozibador bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Shu tariqa, xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda diqqat markaziga aylanayotgan yirik turizm markaziga aylanish yo‘lida izchil qadam tashlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!