Yangi tashabbus sifatida Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi jamoatchilikka taqdim etildi. Bu islohotlar asosan vazirliklar, idoralar va turli tashkilotlar xodimlariga tegishli formali kiyim-boshni noqonuniy ravishda kiyish holatlarini oldini olishga qaratilgan.
Hujjatga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 56-moddasi birinchi qismidagi “o” bandi qayta ko‘rib chiqilib, uning o‘rniga “o” va “p” bandlari kiritilishi belgilanmoqda. Yangi tahrirga ko‘ra:
“o) mastlik yoki giyohvand moddalar ta’sirida jinoyat sodir etish;
p) hokimiyat vakili hisoblanmagan shaxsning hokimiyat vakili kiyimi yoki rasmiy hujjatlaridan foydalanib jinoyat sodir etishi” kabi qoidalar kuchga kirishi ko‘zda tutilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham yangi 209-1-modda qo‘shilib, u quyidagicha ifoda etilmoqda:
vazirlik va tashkilotlar xizmatchilariga tegishli rasmiy, harbiy yoki maxsus formali kiyimni hech qanday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs kiyib yursa, kiyim musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha jarima solinadi.
Shuningdek, harbiy va idoraviy formali kiyimning rangi, uslubi, ramzlari yoki farqlovchi belgilariga o‘xshash kiyimlarni ishlab chiqish va ulardan foydalanish ham jiddiy jarimalarga sabab bo‘ladi. Bu holatda kiyim musodara qilinib, jarima miqdori bazaviy hisoblashning besh baravaridan o‘n baravarigacha belgilanishi mumkin.
Yangi qonun loyihasi rasmiy tarzda qabul qilinsa, formali kiyimdan suiiste’mol qilish holatlariga barham berish va jamoat xavfsizligini kuchaytirish maqsad qilinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!