Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan yangi turizm majmuasi — “Chimyon” umummavsumiy xalqaro kurorti imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. So‘nggi yillarda hududda infratuzilma izchil rivojlanib, yilning to‘rt faslida ham maroqli sayohat uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Amirsoy, Chinorkent va Chorvoq darvozasi kabi yirik turizm majmualari ishga tushirilib, zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va ovqatlanish maskanlari faoliyat boshladi. Endilikda bu qatorga Fransiyaning “MND” kompaniyasi hamkorligida qurilayotgan “Chimyon” kurorti ham qo‘shilmoqda. Loyiha uchun 1 ming 278 gektar maydon ajratilgan.
Loyiha doirasida mehmonxonalar, dengiz sathidan 3 ming 300 metr balandlikkacha osma dor yo‘li barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu esa yilning har mavsumida turizmni rivojlantirish imkonini yaratadi. Qishda chang‘i va snoubord sporti, boshqa oylarda esa tog‘ sayyohligi va ko‘ngilochar hordiq imkoniyatlari taklif etiladi.
Davlat rahbari mazkur hududdagi mehmonxona, restoran va savdo inshootlarini ko‘zdan kechirdi. Xususan, 6 qavatli zamonaviy mehmonxona 320 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, yil davomida o‘rtacha 45 ming turistga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda. Bu yerda “Wyndham” brendi bilan hamkorlikda boshqaruv yo‘lga qo‘yilishi esa xizmat sifati va mamlakat turizmining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Mehmonxonani noyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, hududda 7 va 5 qavatli apart-otellar, 7 qavatli mehmonxona va 2 qavatli restoran qurilgan. Bu majmualarda xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, yillik 54 mingdan ziyod sayyohni qabul qilish mo‘ljallangan. Ushbu loyihalar orqali kamida 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ayni vaqtda 6 ta shale qurilishi ham davom etmoqda.
Shuningdek, 300 ta avtomashinaga mo‘ljallangan turargoh ham barpo etilgan. Uning birinchi qavatida restoran, bolalar maydonchasi va savdo majmuasi tashkil etilgani sayyohlar uchun yanada keng imkoniyat yaratadi.
Umuman, “Chimyon” kurorti faoliyatga kirishi natijasida minglab yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lib, mahalliy aholi uchun barqaror daromad manbai yaratiladi. Turistlar uchun eng zamonaviy xizmatlar taklif etilar ekan, mamlakatga tashrif buyuruvchi mehmonlar soni ham keskin ortadi.
Shu bilan birga, turizm sohasi boshqa tarmoqlar bilan uyg‘un rivojlanmoqda. Savdo, xizmat ko‘rsatish va transport harakatining ko‘payishi butun hududning iqtisodiy qiyofasini yangilayapti. Mana shu maqsadda avtomobil yo‘lida uzunligi 1 ming 450 metr bo‘lgan tunnel, 2 ta ko‘prik va piyodalar yo‘laklari ham qurildi. Bu yo‘l tog‘ kurortlariga olib borish masofasini qisqartiradi, xavfsizlikni oshiradi va soatiga 500 dan ziyod avtomashinaning qulay harakatlanishiga imkoniyat beradi.
Prezident bu kabi infratuzilma loyihalari nafaqat turizm salohiyatini oshirishi, balki tabiat musaffoligini saqlash va sayyohlar ekologik madaniyatini yuksaltirishda ham muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Shu tariqa, Bo‘stonliq tumani tabiiy go‘zalliklari, zamonaviy majmualari va yuqori xizmat madaniyati bilan mamlakat turizm xaritasidagi yetakchi markazga aylanib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!