O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh etakchi mutaxassislari bilan uchrashdi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.
Videokonferensiya shaklida o‘tgan uchrashuvda hukumat a’zolari, senatorlar, viloyat hokimlari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektorlari, sog‘liqni saqlash tizimi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
«Sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, davolashning zamonaviy texnologiya va usullarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda».
2016 yil — Sog‘lom ona va bola yilida tibbiyot muassasalarini zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun 80 million dollar qiymatidagi kredit va grant mablag‘lari yo‘naltirildi, farzand ko‘rish yoshidagi ayollar va bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtirildi. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida eshitish bo‘yicha nuqsoni bo‘lgan 350 dan ortiq bolada koxlear implantasiya operasiyalari amalga oshirildi. 700 ming bola pnevmokokk infeksiyasi va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi emlandi.
Ammo bugun zamon o‘zgarmoqda, odamlarning talabi oshib bormoqda. Xalqning tibbiy madaniyati yuksalib, eng so‘nggi usul va rusumlarda tibbiy xizmat ko‘rsatilishini istaydi. Bizga shu ham bo‘laveradi, degan tushuncha endi o‘z umrini o‘tab bo‘ldi. Bu barcha sohalar qatori tibbiyot sohasiga ham bevosita daxldor, dedi Prezident. Shu bois soha xodimlari tibbiyotning eng ilg‘or, zamonaviy yutuqlarini, davolash usullarini o‘zlashtirmog‘i zarur. Erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib o‘tirish taraqqiyot yo‘lidagi eng katta g‘ovdir.
2017 yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilinganida ham katta ma’no mujassam. Zero, inson manfaatlari deganda, avvalo insonning salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to‘laqonli foydalanishi ham nazarda tutiladi.
Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi uchrashuvlarida xalqning ichiga kirib, ularning dardi, muammolari, takliflarini eshitish lozimligini alohida qayd etdi. Bosh vazirning virtual qabulxonasiga kelgan murojaatlarning 7 mingdan ziyodi aynan tibbiyot sohasiga tegishli ekani ham mazkur sohada muayyan muammolar yig‘ilib qolganligini ko‘rsatmoqda. Aholining murojaatlari, fikr-mulohazalari va takliflari sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo etmoqda.
Prezident tibbiyot sohasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, echimini kutayotgan muammolar haqida atroflicha to‘xtaldi. Qishloq vrachlik punktlari faoliyatiga oid quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda QVPlar birlamchi tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun laboratoriya tahlili vositalari, qator diagnostika apparatlari bilan jihozlangani aholi uchun qulaylik yaratmoqda. Lekin tibbiy uskunalarni ishlatadigan malakali mutaxassislar etarli darajada emas. Ba’zi chekka hududlarda oddiy qon topshirish uchun tuman markaziga yoki shaharga borishga to‘g‘ri kelayotganini ham inkor etib bo‘lmaydi.
Ayrim joylarda tibbiy ko‘riklar nomigagina o‘tkazilmoqda, deb fikrini davom ettirdi Prezident. Chekka hududlarda malakali mutaxassislar etishmayotgani kadrlar masalasida qilinadigan ishlar ko‘pligini anglatadi.
Qishloq vrachlik punktlari tunu kun ishlamog‘i zarur. Buning uchun punkt yonidan shu joyda ishlaydigan vrachga uy qurib berish lozim.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Ayollar iboli, hayoli. Ba’zi masalalarda shifokorga borib dardini bemalol aytavermaydi. Shu bois xotin-qizlar uchun alohida poliklinika tashkil qilish kerak, dedi davlat rahbari. Toki ular borib o‘zini qiynayotgan masalada bemalol fikrlashsin. Chunki ertangi kunning davomchilarini sog‘lom dunyoga keltirish ko‘p jihatdan ayollarning salomatligiga bog‘liq.
«Sog‘liqni saqlash sohasi haqida gapirganda bir haqiqatni esimizdan chiqarmasligimiz lozim: tibbiyot xodimlari bizning salomatligimiz posbonlaridir. Ularga xalq ishonishi, ular esa xalqni ishontira olishi kerak», — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatida ham echimini kutayotgan masalalar ko‘p. Mavjud markazlarning hammasi Toshkent shahrida joylashgan. Bu, ayniqsa, qishloq aholisiga muayyan noqulayliklar tug‘dirayotir. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari mutaxassislari joylarga chiqib aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmog‘i, jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazmog‘i lozim, dedi Prezident.
Tadbirda mamlakat sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, yosh mutaxassislarni tarbiyalash jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish, dunyoning etakchi tibbiyot markazlari va o‘quv muassasalari, taniqli olimlar va mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash vaziri A. Ikromov, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A. Hojiboyev, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosarlari E. Bositxonova, S. Saidaliev, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi direktori F. Oqilov, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori A. Alyavi, Respublika immunologiya ilmiy markazi direktori T. Aripova, senator Z. Nizomxo‘jaev, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S. Inomova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M. Erniyazov, Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov, Buxoro viloyati hokimi O‘. Barnoyev va boshqalar Prezidentning tibbiyot sohasiga qaratayotgan alohida e’tibori soha rivojida muhim omil bo‘layotganini qayd etdi. Bildirilgan tanqidiy fikrlardan zarur xulosalar chiqarib, ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish, soha oldida turgan dolzarb vazifalarni bajarish yuzasidan tizimli ishlar olib borilishini, barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinishini ta’kidladi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi