16:55 / 19.01.2017
6 232

O‘zLiDePda davlatimiz rahbarining ma’ruzasi har tomonlama o‘rganib chiqildi

O‘zLiDePda davlatimiz rahbarining ma’ruzasi har tomonlama o‘rganib chiqildi

Joriy yil 19 yanvar kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi “Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak” mavzusidagi ma’ruzasini har tomonlama va chuqur o‘rganish hamda ma’ruzadan kelib chiquvchi vazifalarni muhokama qilishga qaratildi.

Majlisda taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ni va mamlakatni o‘rta muddatli istiqbolda yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va modernizasiya qilish Dasturini izchil amalga oshirishni davom ettirish samarasida 2016 yilda iqtisodiy o‘sishning barqaror va yuqori sur’atlarini saqlab qolingani, makroiqtisodiy muvozanat, aholi hayot darajasi va sifati oshishi ta’minlangani ta’kidlandi. Jumladan, xususiy mulk va tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab- quvvatlash va himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi 2016 yilda 32 mingtaga yaqin yoki 2015 yilga nisbatan 18 foizga ko‘p kichik biznes sub’ektlari tashkil qilinishiga xizmat qildi. Kichik biznesning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi hissasi 56,9 foizgacha, sanoatda esa 45 foizgacha oshdi.

Tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan alohida ta’kidlangan «g‘alaba raportlari» va qilingan ishga doir hisobotlarga berilmasdan, asosiy diqqat-e’tiborni mavjud kamchiliklar va ularning ildizlarini puxta tahlil qilishga qaratish zarurligi to‘g‘risidagi fikrlariga e’tibor qaratildi. Majlis ishtirokchilari ta’kidlaganidek, Prezidentimiz ma’ruzasida mamlakatimiz hayotining barcha muhim sohalaridagi haqiqiy ahvol qat’iy va adolatli tahlil qilingan. Davlatimiz rahbari mamlakatimizni rivojlantirishning ochiq va xolisona manzarasini bayon etdi, mavjud kamchiliklarni ko‘rsatdi, taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Shu munosabat bilan majlisda O‘zLiDePning har bir faoli o‘z faolitiga shunday tanqidiy baho berishi shartligi qayd etildi.

Majlis ishtirokchilari partiya faoliyatini joylardagi amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy tahlil qilish, asosiy e’tiborni mavjud muammolarni aniqlash va hal qilishga qaratish nuqtai nazaridan jiddiy qayta ko‘rib chiqish prinsipial jihatdan muhim ahamiyatga ega vazifa ekanligi ta’kidlandi. O‘zLiDeP deputatlik korpusi o‘zining nazorat-tahliliy faoliyatida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirishning belgilangan ko‘rsatkichlariga erishilmasligi sabab va omillarini aniqlashga qaratilgan ishlarni tubdan kuchaytirishi hamda qaysi sohada kamchiliklar bo‘lsa, ularning mazkur sohalar uchun shaxsan javobgar bo‘lgan shaxslar tomonidan bartaraf etilishi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tadbirda joylarda elektorat bilan ishlash samaradorligini keskin oshirish lozimligi, aholini o‘ylantirayotgan masala va muammolarni partiya ishtirokida har tomonlama muhokama etish va ularning haqiqiy echimini topish muhimligi xususida so‘z yuritildi. Ayniqsa, turli ma’lumotnoma, ruxsatnoma va sertifikatlar, kredit olishda necha kunlar navbatda turish, noqonuniy tekshiruvlar, iqtisodiy va moliyaviy foydaning boy berilishi holatlarini qat’iy o‘rganish va ularga barham berish lozim.

O‘zLiDeP mamlakatimizning barqaror rivojlanish yo‘lida izchil ilgarilab borishini ta’minlashga munosib hissa qo‘shish, aholi uchun munosib hayot darajasi va sifatini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni davom ettirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda o‘z faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqishi lozimligi qayd etildi.

Majlisda muhokama qilingan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zLiDeP Matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zLiDePda davlatimiz rahbarining ma’ruzasi har tomonlama o‘rganib chiqildi