12:47 / 23.01.2017
8 877

AQSh O‘zbekistonni “terrorchi davlat” deyishda davom etmoqda

AQSh O‘zbekistonni “terrorchi davlat” deyishda davom etmoqda

Kuni kecha rus matbuotida AQSh senatiga kiritilgan yangi qonun loyihasi haqida xabar tarqaldi. Ushbu qonun agar amalda joriy etiladigan bo‘lsa, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, 30 dan ziyod arab va Afrika davlatlari bilan birgalikda O‘zbekiston ham AQSh uchun “o‘ta xavfli mamlakatlar” ro‘yxatiga kiritilib, bu mamlakatlardan kelayotgan fuqarolarga AQSh vizasini eng kamida 30 kunlik keng qamrovli tekshiruvlardan so‘ng berish yo‘lga qo‘yiladi. Qonun loyihasi Kentukki shtatidan senator Rend Pol tarafidan taklif etilgan.

O‘zi, baliq boshdan sasiydi deyishgani rost! Bugungi yangi AQSh prezidenti, Respublikachilar partiyasi vakili Donald Trampning prezidentlikka saylov doirasida Portlend shahrida bo‘lib o‘tgan mitingda so‘zlagan nutqi o‘zi insonni taajjubga tushirgandi. Boshqa davlatlardan musulmonlarning Qo‘shma Shtatlarga kirishini taqiqlash g‘oyasini ilgari surgan Tramp Somali, Marokash, Suriya, Afg‘oniston, Filippin, Iroq, Pokiston va Yaman bilan birga O‘zbekiston fuqarolarining ham AQShga kirishini ta’qiqlash kerakligini aytgandi. Ortidan u shunday beta’sirlikka ham borgandiki, hatto yig‘ilganlardan “bu O‘zbekiston o‘zi qayerda joylashgan?” (!) deb so‘rashga ham yuzi borgandi. Mana sizga Amerika, mana sizga bu “demokratiya kafolati” bo‘lgan, “inson huquqlari oliy darajada ta’minlangan” mamlakatning prezidenti bo‘lishga chog‘langan shaxsning saviyasi va dunyoqarashi! O‘zbekistonning qayerda ekanini bilmasdan turib, yurtimizni “terror o‘chog‘i”ga aylantirib yuborgandi. Nahotki, saylovda ovoz olish uchun og‘ziga kelganni vaysash bilan boshqa bir mamlakatning nomini yomonotliqqa chiqarayotganini tushunmagan bo‘lsa deysiz o‘shanda bu Tramp?!

O‘zbekistondagidek tinchlik va osoyishtalik ta’minlangan davlatlar dunyoda barmoq bilan sanarli ekanini bugun har kim yaxshi biladi. Jahonda xalqaro terrorizmga qarshi jiddiy kurashni ilk boshlagan ham O‘zbekistondir. Rahmatli Yurtboshimiz xalqaro minbarlarda bu borada bong urgan mahalda ketini qimirlatmagan ba’zi mamlakatlar haqiqiy xavf eshikka kelganda, birinchi Prezidentimiz ilgari surgan fikrlarni kechikib bo‘lsada, kun tartibiga qo‘ydilar.

O‘zbekistonda tinchlikka rahna solishga uringan terroristik va ekstremistik ruhdagi tashkilotlarni aynan AQSh tomonidan, turli vositalar orqali qo‘llab-quvvatlanib, ularga siyosiy va diniy huquqi cheklanganlar maqomlari berilib kelgani hammaga ravshan. Bugun endi, O‘zbekiston aybdor bo‘ldimi siz etiltirgan jinlar chiroqdan chiqib ketgan bo‘lsa?? Terrorchining Vatani, millati, dini bo‘lmaydi. Agar bo‘lganida edi, Haq taolo tomonidan berilgan oliy ne’mat – inson hayotiga zomin bo‘lishdek shaytoniylik girdobiga tushmasdi. Shuning uchun terrorchilikda ayblanayotgan qaysidir bir shaxs tug‘ilgan mamlakatga tap tortmasdan terrorizm o‘lkasi nomini berish na siyosatga, na diplomatiyaga, na insoniylikka, na aqlga, na farosatga to‘g‘ri keladi.

Endi, mana o‘sha “shamol”ning davomi ham esishga boshlamoqda. “Xavfsizlik akti” deb nomlanayotgan bu qonun loyihasi bilan AQSh o‘zi istagan yoki istamagan holda (menimcha, istagan holda) boshqa suveren davlatlarning nomini xalqaro maydonda yomonotliq qilmoqda.
Bu masalaga jiddiy munosabat bildirish davri keldi. Sababi xorijdagi insonlar aynan shunday masalalarga tayanib O‘zbekistonimiz haqida fikr yuritishadi.
2013 yili tennis bo‘yicha Devis Kubogi musobaqasi doirasidagi O‘zbekiston-Avstraliya uchrashuvida qatnashish uchun kelgan mehmonlar jamoasi delegasiyasiga mashhur tennischi Patrik Rafter boshchilik qilgandi. Bilasizmi, Rafterning mahalliy tarjimondan birinchi so‘ragani nima bo‘lgandi: “Urush ketayotgan hudud Namangandan necha kilometr uzoqlikda?(!) Bu erga ham snaryadlar kelib tushadimi?(!)...” Mezbonlarning taajjubini ko‘rib, tennischi internetdan olgan ma’lumotlariga asoslanib, buni so‘raganini izohlagandi. Namanganda o‘tkazilgan bir necha kun esa, avstraliyaliklarga yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, bunyodkorlik va yangilanishlar haqida etarlicha tanishishlariga imkon bergandi...

VODIYMEDIAning AQShga rasmiy nota berishga haqqi yo‘q. Lekin ommaviy axborot vositasi sifatida, qolaversa o‘z yurtini sevgan fuqarolar mehnat qilayotgan tahririyat sifatida O‘zbekiston nomini qoralanishiga qattiq e’tiroz bildiramiz va bu borada AQSh hukumatidan ob’ektiv munosabat kutib qolamiz. Bunday siyosiy o‘yinlarning tagida nima borligini hamma yaxshi tushunib turibdi. Bizga bu bilan qanday “o‘zaro teng huquqli shartlar” taklif etilishi juda aniq, lekin O‘zbekiston o‘z nomini o‘rtaga tashlab, hech kim bilan savdolashmaydi!

Dilmurod Jumaboyev

Manba: Vodiymedia.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » AQSh O‘zbekistonni “terrorchi davlat” deyishda davom etmoqda