
Pensiya jamg'armasi yangi yil bayrami munosabati bilan e'lon qilingan dam olish kunlari sabab yanvar oyi pensiyalarini to'lash muddatlariga aniqlik kiritdi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Jamg'arma eslatishicha, odatdagi tartibda pensiya to'lovlari bank plastik kartalariga har oyning 5-sanasigacha o'tkazib beriladi. Pensiyani naqd shaklda oladigan fuqarolarga esa mablag'lar 4-sanadan 27-sanagacha bo'lgan davrda yetkaziladi.
31 dekabrdan 4 yanvargacha mamlakatda Yangi yil bayrami munosabati bilan dam olish kunlari belgilanganidan so'ng, pensionerlar yanvar pensiyasi qachon tushishi yuzasidan savollar bilan murojaat qilgan.
Pensiya jamg'armasi ta'kidlashicha, pensiyalarni moliyalashtirish tegishli yil uchun qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to'g'risida»gi qonun asosida amalga oshiriladi. «O'zbekiston Respublikasining 2026 yil uchun Davlat budjeti to'g'risida»gi qonunda Pensiya jamg'armasining 2026 yil xarajatlari belgilangan tartibda tasdiqlangan.
Shu asosda plastik karta orqali pensiya oluvchilarga yanvar oyi to'lovlari 2026 yil 5 yanvardan boshlab hisobvaraqlarga o'tkazib beriladi. Xuddi shu kundan Pensiya jamg'armasi pensiyalarni yetkazib berish bilan shug'ullanuvchi tashkilotlarni ham moliyalashtirishni boshlaydi.
Ma'lum qilinishicha, yanvar pensiyalari 5 yanvar kuni plastik kartalarga tushiriladi. Naqd pulda oluvchilarga esa mablag'lar 27 yanvargacha Xalq bankining ko'chma kassalari orqali tasdiqlangan kundalik jadval bo'yicha, mahalla fuqarolar yig'inlari orqali yoki pensionerlarning yashash manzilida yetkazib beriladi.
Pensiya to'lovlariga oid savollar bo'yicha fuqarolar Pensiya jamg'armasining ishonch telefoni — 1271 raqamiga murojaat qilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.