20:56 / 16.02.2017
9 577

Shavkat Mirziyoyev yangi muhim qarorni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev yangi muhim qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev kecha, 14 fevral kuni “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar beradi "Qalampir.uz".

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Surxondaryo viloyati hokimligining Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Imom Termiziy xalqaro markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanishi e’tiborga olinsin:

islom dinining, Qur’oni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini, Imom Termiziy hamda termiziy allomalar, yurtimizdan etishib chiqqan mutafakkir zotlar merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish;

yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan manbalarni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash yuzasidan doimiy ish olib borish;

turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi kunda ajdodlarimizning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ulardagi ezgu g‘oya va ta’limotlarni keng xalq ommasiga etkazish va shu asosda yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni kuchaytirish, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash;

Imom Termiziy va termiziy allomalarning boy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida xorijiy ilmiy markazlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro konferensiya, simpozium, ko‘rgazma, ilmiy ma’ruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish;

mamlakatimizda hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan termiziy allomalar hamda buyuk mutafakkirlarimizning qo‘lyozma va toshbosma asarlari nusxalarini, ular haqidagi kitoblarni to‘plash va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;

ma’naviy merosimizni o‘rganishda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan, ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanishga doir tegishli ilmiy ishlanma va tavsiyalarni tayyorlash.

3. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda bir oy muddatda Markazning tuzilmasi va Nizomini tasdiqlash, uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash tavsiya etilsin.

Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, "Davarxitektqurilish" qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Markaz binosi va uning kutubxonasini qurish, zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmalarni barpo etish hamda rivojlantirish loyihalarini tasdiqlash va amalga oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

4. Markaz faoliyatini moliyalashtirish O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Termiziy yodgorlik majmuasi, homiylik xayriyalari hamda xorijiy mamlakatlar va xalqaro diniy-ilmiy markazlarning mablag‘ va grantlari hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinsin.

5. Mahalliy va xorijiy yuridik hamda jismoniy shaxslarning qurilish va obodonlashtirish ishlariga yo‘naltiriladigan mablag‘lari uchun Markazning hisob raqami ochiq ekani qayd etilsin.

Markazni tashkil etish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan homiylik xayriyalari yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘idan ozod qilinsin.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M.Sultonov zimmalariga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2017 yil 14 fevral

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev yangi muhim qarorni imzoladi