23:52 / 01.03.2017
6 892

Foto: Samarqandda relsga ilk tramvay qo‘yildi

Foto: Samarqandda relsga ilk tramvay qo‘yildi

Samarqand shahrida tramvay harakatini yo‘lga qo‘yish ishlari jadal olib borilmoqda. Bugungi kunga kelib tramvay yo‘l iziga tramvay ilk vagoni o‘rnatilgan, deb yozadi Kun.uz.

Ayni vaqtda Ro‘dakiy ko‘chasida shpal o‘rnatish ishlari olib borilmoqda, Sartepa (Sattepo) mavzesida esa Buxoro temir yo‘llari ustalari o‘z ishlarini yakunlagan. Samarqand yangi tramvayning birinchi yo‘nalishi Siyob bozori va gavjum Sartepa mavzesi oralig‘ida qatnaydi.



"Samarkandskiy vestnik" nashrining eslatishicha, Navro‘z kuni samarqandliklar tramvay xizmatidan ilk marta foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Qayd etish kerakki, Samarqandda 1947—1973 yillarda ham tramvay qatnovi mavjud bo‘lgan, ammo shahar yo‘llari torligi tufayli tramvay olib tashlangandi. Eski tramvay atigi bitta yo‘nalishdan iborat edi, u «Shahar temiryo‘l vokzali — Siyob bozori» qatnovi bo‘ylab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatgan.

Keyingi yillarda shaharda, xususan, Ro‘dakiy va Beruniy ko‘chalarida rekonstruksiya ishlari olib borilishi natijasida yo‘llar sezilarli darajada kengaytirilgan va tramvay harakatlanishi uchun sharoit paydo bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Toshkentdagi oxirgi tramvay yo‘nalishi yopilgan edi. Shundan so‘ng, Toshkent uchun 2011—2012 yillarda Chexiyadan olib kelingan Vario LF tramvaylari Samarqandga olib ketildi.



2016 yilning 5 oktyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lgan O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev aholiga qulaylik yaratish borasida zamonaviy tramvay liniyalari barpo etish zarurligini ta’kidladi va shaharda dastlabki tramvay qatnovini 2017 yil Navro‘z bayramiga qadar yo‘lga qo‘yish haqida ko‘rsatma bergan edi.

Shahar ko‘chalarini birinchi tramvaylar harakati uchun tayyorlash ishlarida «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik kompaniyasi xodimlari, Toshkent, Buxoro, Navoiy, Uchquduq va Kogondan kelgan mutaxassislar samarqandlik hamkasblari bilan birgalikda ish olib bormoqda.

Shaharda to‘rtta tramvay tarmog‘i qurilib, uning jami uzunligi 34,8 kilometrni tashkil etadi.

Qurilish ishlari 2 bosqichda olib borilmoqda. O‘tgan yil noyabrida boshlangan birinchi bosqichda shahar temiryo‘l vokzalidan Sartepa mavzesigacha 6,4 kilometrlik bo‘lak qurilishi belgilangandi. Bu yo‘lda ikkita aylanma yo‘l, elektr tokini moslab beruvchi to‘rtta podstansiya va bitta depo bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Keyinchalik qurilish ishlari temiryo‘l vokzalidan Siyob bozoriga qadar davom ettiriladi. Mazkur yo‘nalish uzunligi 5 kilometrni tashkil etadi.

Ikkinchi bosqichda vokzaldan Spitamen ko‘chasi bo‘ylab Superfosfat zavodiga qadar davom etadigan 12,4 kilometrlik tramvay yo‘li quriladi. Vokzal va zavodni yana bir — Narpay ko‘chasidan o‘tadigan 11 kilometr yo‘l orqali ham bog‘lash rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Foto: Samarqandda relsga ilk tramvay qo‘yildi