Toshkent bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanadi.

Toshkent shahrida avtobus bekatlari atrofidagi savdo nuqtalariga chek qo‘yiladi — hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, bekatlardagi do‘konlar bosqichma-bosqich olib tashlanadi.
Shahar hokimligi bu qarorni xalqaro tajriba bilan izohlamoqda: zamonaviy bekat konsepsiyasiga ko‘ra, bekat hududida savdo obyektlari bo‘lmasligi kerak. Sababi oddiy — yo‘lovchi transportni erkin va xavfsiz kutishi, platformalar yetarlicha keng bo‘lishi, tirbandlik kuchayganda ularni kengaytirish imkoniyati saqlanishi, shuningdek, inklyuziv muhit yaratilishi ta’minlanishi lozim.
Qayd etilishicha, poytaxtdagi jamoat transporti infratuzilmasi bo‘yicha keng ko‘lamli xatlov o‘tkazilgan. Birinchi bosqichda 100 km masofa qamrab olinib, 360 dan ortiq bekat hamda 190 ta katta-kichik chorraha ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Audit natijalariga ko‘ra, bekatlar o‘rnida 110 ta savdo obyekti joylashgani aniqlangan. Ulardan 61 tasi bekat majmuasi hududiga egalik qilish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan. Endi ularning faoliyatiga huquqiy baho berilib, tegishli choralar ko‘rilishi aytilmoqda.
Shahar ma’muriyatining tegishli qarori asosida barcha bekatlar yangilanishi rejalashtirilgan. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlar uchun esa savdo nuqtalarini ko‘chirish maqsadida boshqa joy ajratish va kompensatsiya to‘lash mexanizmi ham ko‘zda tutilgan.
Qisqasi, bekatlar “bozorcha” emas, haqiqiy jamoat transporti uchun qulay va xavfsiz maydonga aylantirilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!