11:22 / 28.03.2017
7 396

Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga safarini boshladi

Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga safarini boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 28 mart kuni Navoiy viloyatiga keldi. Bu haqda O‘zA'ga tayanib Kun.uz xabar berdi.

Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida Navoiy viloyatida betimsol bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Navoiy viloyati haqida gap ketganda, avvalo, uning mehnatkash xalqi, er osti va er usti boyliklari, ulkan iqtisodiy salohiyati ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Mamlakatimizning yirik sanoat hududi hisoblangan ushbu viloyatda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati izchil rivojlanmoqda.

Hozirgi kunda viloyatda 17 yirik sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatlari va “Elektrkimyozavodi” qo‘shma korxonasi shular jumlasidandir. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida 18 korxona faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular tomonidan 100 dan ortiq turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

2016 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan izchil ishlar samarasida yalpi hududiy mahsulot hajmi 10 trillion 5 milliard so‘mni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘tgan yilga nisbatan 5,9 foiz, jumladan, hududiy sanoat mahsulotlari 15,4 foiz, xalq iste’moli mollari 12, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish 7,1, qurilish ishlari 9,3, chakana savdo aylanmasi 15,1, umumiy xizmatlar 15,5 foizga oshdi.

Viloyatda o‘tgan yili 866 yangi kichik biznes sub’ekti tashkil etildi. Kichik biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 611,9 milliard so‘m kredit ajratildi. 2,8 trillion so‘m kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 229 milliard so‘mlikdan ortiq loyihalar amalga oshirilib, 9 ming 500 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Davlatimiz rahbari o‘zining saylovoldi dasturida Navoiy viloyatini rivojlantirish bo‘yicha ulkan rejalarni bayon etgan edi. Prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, istiqbolli loyihalar bilan tanishish va xalq bilan bevosita muloqot qilish ko‘zda tutilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga safarini boshladi