O‘zbekistonda kuchli zilzila bo‘ladimi? Olimlar rasmiy javob berdi

Fanlar akademiyasi O‘zbekistonda yaqin vaqtlarda kuchli zilzila sodir bo‘lishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi. Mutaxassislar aholini tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka va vahimaga berilmaslikka chaqirdi.
Avvalroq BMT Markaziy Osiyo mamlakatlarini zilzilalarga tayyor turish zarurligi haqida ogohlantirgan edi. Hujjatda O‘zbekistonning ayrim hududlari, ayniqsa Farg‘ona vodiysi, seysmik jihatdan faol zonalar qatoriga kirishi qayd etilgan. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda turli taxmin va muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Seysmologiya instituti laboratoriya mudiri Ulfat Nurmatovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston seysmik faol hududda joylashgani ilmiy jihatdan yaxshi o‘rganilgan. Mamlakat hududidagi yirik yer yoriqlari, ularning imkoniyatlari va ehtimoliy zilzilalar kuchi bo‘yicha maxsus xaritalar ishlab chiqilgan. Barcha zamonaviy bino va inshootlar aynan shu hisob-kitoblar asosida loyihalashtiriladi.
Mutaxassis so‘zlariga ko‘ra, Farg‘ona vodiysida oxirgi yirik yer silkinishi 2011 yilda Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzilaning ta’siri bilan kuzatilgan. Uning magnitudasi 6,4 ni tashkil etgan. Keyingi yillarda esa asosan 5–5,5 magnitudali yer silkinishlari qayd etilgan.

Shuningdek, olim janubiy hududlarda, xususan Tojikistonning Pomir qismida kuchli zilzilalarni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan yirik tektonik yoriqlar mavjudligini qayd etdi. Biroq ularning ta’siri ham oldindan hisoblab chiqilgan bo‘lib, xavf darajalari ilmiy baholangan.
Nurmatovning aytishicha, Farg‘ona vodiysi hududining katta qismi 8 ballgacha bo‘lgan seysmik zonaga kiradi. Faqat Andijon viloyatining ayrim kichik hududlarida nazariy jihatdan 9 ballgacha silkinish ehtimoli mavjud. Biroq 50 yil ichida 8 balldan yuqori kuchli zilzila sodir bo‘lish ehtimoli atigi 5 foizni tashkil etadi. Demak, bunday holat yuz bermaslik ehtimoli 95 foizga teng.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ayni paytda aholi xavotirga tushishi uchun hech qanday asos yo‘q. Rasmiy idoralar fuqarolarni faqat ishonchli manbalarga tayanishga va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz xabarlarga ishonmaslikka chaqirmoqda.






























Izohlar 0
…