O‘zbekistonga shakar importi keskin qisqardi, narxlar o‘smoqda

May oyida O‘zbekistonga shakar importi aprel oyiga nisbatan sezilarli darajada kamaydi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda qayd etildi.
Hisobotga ko‘ra, o‘tgan oyda mamlakatga umumiy qiymati 50,4 million dollarlik 68,66 ming tonna shakar olib kirilgan. Taqqoslash uchun, aprel oyida bu ko‘rsatkich 61,7 million dollarlik 86,5 ming tonnani tashkil etgan. Natijada bir oy ichida import hajmi qariyb 17,8 ming tonnaga yoki 26 foizga qisqargan.
Shuningdek, fevral oyida 73,2 ming tonna, mart oyida esa 77,7 ming tonna shakar import qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkichlar ham may oyidagi hajmdan yuqori bo‘lgan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, import qilingan shakarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Jami importning 76,7 foizi yoki 52,7 ming tonnasi poytaxt orqali olib kirilgan. Keyingi o‘rinni Xorazm viloyati egallagan — 6,8 ming tonna.
Navoiy, Sirdaryo, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida esa shakar import qiluvchilar mavjud emasligi, mahsulot mazkur hududlarga Toshkent orqali yetkazib berilishi qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, import shakarning o‘rtacha narxi ham o‘sishda davom etmoqda. May oyida bir tonna shakar xorijdan o‘rtacha 734 dollardan sotib olingan bo‘lsa, aprel oyida bu ko‘rsatkich 723 dollar bo‘lgan.
Shu bilan birga, ichki bozorda ham shakar narxi ko‘tarilmoqda. Statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, may oyida shakar narxi yana 1,5 foizga qimmatlashgan.





























Izohlar 0
…