Yangi Toshkentda noyob termoregulyatsiya va eko-qayta ishlash tizimi joriy etiladi

Yangi Toshkent loyihasi oddiy yo‘ldosh shahar emas, balki poytaxt megapolisining uzviy davomi sifatida rivojlanadi. Toshkent xalqaro investitsiya forumida (TXIF-26) qurilish direksiyasi rahbari Davronjon Odilov ushbu zamonaviy hududda tadbiq etiladigan noyob texnologiyalar va istiqbolli rejalar haqida ma’lum qildi.
Qurilish ko‘lami va investitsiyalar
Yangi shahar infratuzilmasini yaratish uchun juda katta hajmdagi mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Xususan, 2025 yilda tuman kommunikatsiyasini rivojlantirishga kiritilgan investitsiyalar hajmi 700 million dollardan oshib ketdi. Hozirgi kunga qadar hududda 2 million kvadrat metrdan ortiq maydonga ega bino va inshootlar barpo etildi. Olib borilayotgan qurilishlar qatoridan zamonaviy oliy o‘quv yurtlari va sport arenalari ham joy olgan.
Asosiy innovatsiyalar va qulayliklar
Yangi Toshkent Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi bo‘lgan bir qancha texnologik yechimlarni o‘zida jamlaydi:
Mikroiqlim nazorati: Shaharda mintaqada birinchi marta yagona markazlashtirilgan isitish va sovutish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, yozning issiq kunlarida haroratni mo‘tadillashtirish va pasaytirish uchun maxsus sun’iy kanallar tarmog‘i yaratiladi.
Yuqori ekologiya: Hududda hosil bo‘ladigan chiqindilarni to‘plangan joyning o‘zida to‘liq qayta ishlab, ulardan elektr energiyasi olish tizimi joriy etiladi.
Zamonaviy shaharsozlik: Aholi va piyodalar harakati uchun qulay muhit yaratish maqsadida barcha asosiy obyektlarning "15 daqiqalik qulayligi" konsepsiyasi asos qilib olingan.
Dastlabki inshootlarning ochilish muddati
Zamonaviy shaharning ilk yirik madaniy va ta’lim obyektlari tez orada o‘z faoliyatini boshlaydi. Ma’lum qilinishicha, 2026 yilda yangi shahar hududida Milliy kutubxona hamda "Yangi O‘zbekiston" universitetining ochilishi rejalashtirilgan.































Izohlar 0
…