Soliq qo‘mitasi kartaga tushgan yirik pullarga izoh berdi

Soliq qo‘mitasi kartaga tushgan yirik pullarga izoh berdi

O‘zbekistonda banklar tomonidan soliq organlariga axborot taqdim etish tartibiga oid qaror loyihasi keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, Soliq qo‘mitasi uning huquqiy asoslari va amaliy ahamiyati bo‘yicha rasmiy tushuntirish berdi.

Loyihada “Bank-soliq” axborot almashish maxsus modulini ishlab chiqish va joriy etish taklif etilgan. Unga ko‘ra, agar jismoniy shaxsning bir bank kartasiga bir oy davomida boshqa shaxslarning kartalari yoki elektron hamyonlaridan BHMning 500 baravariga (hozirgi kunda 206 million so‘m) teng yoki undan ortiq mablag‘ kelib tushsa, bank bu haqda Soliq qo‘mitasiga ma’lumot taqdim etadi.

Qo‘mita ta’kidlashicha, ayrim nashrlarda ushbu tashabbus fuqarolarning omonatlari bilan bog‘liq tarzda talqin qilingan bo‘lsa-da, bu hujjatning asl mazmunini to‘liq aks ettirmaydi. Loyihaning asosiy maqsadi banklar va soliq organlari o‘rtasida axborot almashishning yagona qoidalarini belgilashdan iborat.

Shuningdek, mazkur loyiha soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi, bank sirini bekor qilmaydi va fuqarolar hamda tadbirkorlarning hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi. Banklar ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan holatlardagina taqdim etishi mumkin.

Qo‘mita ma’lum qilishicha, bu vakolatlar Soliq kodeksining 134-moddasida belgilangan. Bundan tashqari, “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, soliq solish masalalari bo‘yicha ma’lumotlar davlat soliq xizmati organlariga belgilangan tartibda taqdim etilishi mumkin. Olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanib, ularni oshkor qilish yoki uchinchi shaxslarga berish qonun bilan taqiqlangan.

Ta’kidlanishicha, bunday axborot almashish tizimlari xalqaro amaliyotda, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida ham qo‘llaniladi. O‘zbekiston ham Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha global forumga qo‘shilgan bo‘lib, bu sohada aniq va shaffof qoidalarni joriy etishni talab qiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar