00:18 / 10.05.2017
6 748

Shavkat Mirziyoyev Xitoyga besh kunlik tashrif bilan boradi

Shavkat Mirziyoyev Xitoyga besh kunlik tashrif bilan boradi
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11–13 may kunlari davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasiga boradi, deb yozadi Kun.uz.

Davlatimiz rahbarining ushbu muhim tashrifi haqida dastlab 21 aprel kuni Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tgan ShHT TIVK navbatdagi yig‘ilishi doirasida TIV rahbari Abdulaziz Komilov Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vang I bilan uchrashuvi mobaynida e’lon qilingan edi.

21 aprel kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan «Harakatlar sarhisobi: 2017 yil 1 chorak yakunlari» anjumanida ham prezidentimizning Xitoyga davlat tashrifi haqida ham to‘xtalib o‘tilgan edi.

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Javlon Vahobovning aytishicha, bu davlat tashrifining kun tartibidagi asosiy masala – savdo, investisiya sohasidagi ikkitomonlama munosabatlarning hozirgi kundagi ahvoli, xavfsizlik sohasidagi masalalar, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik bo‘ladi.

Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad – Xitoy bilan strategik sheriklikni yanada kuchaytirish va ushbu davlat bilan katta hajmdagi hujjatlar to‘plamini imzolash. Ular orasida ikki davlat xo‘jalik sub’ektlari va korxonalari o‘rtasida tijoriy shartnomalar bor.

Tadbir dasturidan XXR raisi Si Jinping, Xitoy Davlat kengashi a’zolari, shuningdek, Xitoyning yirik moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazish ham o‘rin olgan.

Prezidentning Xitoyga davlat tashrifi borasida Toshkentdagi Xalqaro biznes-markazida o‘tgan O‘zbek-Xitoy biznes forumi davomida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulov ham chiqish qilgan edi. Unga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning XXRga rejalashtirilayotgan tashrifi investision hamkorlik bo‘yicha yangi loyihalar bilan to‘ldirilishi mumkin.

Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, XXR O‘zbekistonning eng yirik savdo sheriklaridan biri hamda mamlakatga sarmoya kirituvchi eng yirik investorlardandir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ikki davlat hamkorligi natijasida o‘nlab strategik ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirildi. Ular orasida Markaziy Osiyo–XXR gaz quvurining to‘rt tarmog‘ini qurish, Angren-Pop temir yo‘l linisiyasida 19 kilometrlik tunnelni qurish, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Qo‘ng‘irot soda zavodi bor.

Bundan tashqari, Sh.Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi Xitoyda «Bitta kamar — bitta yo‘l» forumida ham ishtirok etishni maqsad qilgan.

XXR TIV rahbari Vang Iga ko‘ra, 28 nafar prezident va bosh vazir Pekindagi «Bitta kamar — bitta yo‘l» strategiyasi doirasidagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha oliy darajadagi forumda ishtirok etishini tasdiqlagan edi.

Forumda ishtirok etishni O‘zbekiston, Argentina, Belarus, Chili, Chexiya, Indoneziya, Qozog‘iston, Keniya, Laos, Filippin, Rossiya, Shveysariya, Turkiya, Vetnam prezidentlari, Kamboja, Efiopiya, Fiji, Yunoniston, Vengriya, Italiya, Malayziya, Mo‘g‘uliston bosh vazirlari, Myanma davlat kotibi, shuningdek, Pokiston, Polsha, Serbiya, Ispaniya, Shri-Lanka bosh vazirlari tasdiqlashgan.

XXR raisi Si Jinping forumning ochilish sessiyasida nutq so‘zlaydi hamda forumda ishtirok etish uchun kelgan mamlakat rahbarlari bilan muloqot qiladi.

Vang Ining so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish 15 may kuni bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakat rahbarlari va bosh vazirlaridan tashqari, BMT bosh kotibi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori, shuningdek, Jahon banki prezidenti qatnashadi. Forum yakuni bo‘yicha «Bitta kamar — bitta yo‘l» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik haqida kelishuv imzolanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, forumda hammasi bo‘lib 1,2 mingdan ortiq kishi ishtirok etadi.

Xitoy 2013 yilda «Bitta kamar — bitta yo‘l» iqtisodiy rivojlanishning yangi strategiyasi haqida ma’lum qildi. U Evroosiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish va infratuzilma yaratishga yo‘naltirilgan. Strategiya ikki muhim rivojlanish yo‘nalishiga ega: Buyuk ipak yo‘lining iqtisodiy kamari va dengizdagi Buyuk ipak yo‘li. Gap Sharqdan G‘arbga imtiyozli shartlarda mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri etkazib berish bo‘yicha savdo yo‘lagini tashkil etish haqida bormoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Xitoyga besh kunlik tashrif bilan boradi