O‘zbekistonda reklamali qo‘ng‘iroq va SMS xabarlarga yangi cheklovlar kiritiladi

O‘zbekistonda reklamali qo‘ng‘iroq va SMS xabarlarga yangi cheklovlar kiritiladi

O‘zbekistonda marketing qo‘ng‘iroqlari va reklamali SMS xabarlar bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Qabul qilingan qarorga ko‘ra, o‘zgarishlar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish va davlat xizmatlarida hujjat aylanishini avtomatlashtirishga qaratilgan.

2026 yil 1 noyabrdan boshlab abonentga reklamali qo‘ng‘iroq qilish yoki SMS yuborish uchun uning yozma yoki elektron roziligi bo‘lishi shart. Roziliksiz reklama tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, aloqa tarmoqlari orqali reklama tarqatish uchun vaqt cheklovi belgilanmoqda. Reklamali qo‘ng‘iroqlar va xabarlarni soat 18:00 dan 09:00 gacha yuborish taqiqlanadi.

Mobil operatorlar mijozning birinchi talabi bilan reklamali xabar va qo‘ng‘iroqlarni bloklashi kerak bo‘ladi. Reklama tarqatuvchi kompaniyalar esa o‘z ma’lumotlar bazalarini Shaxsiy ma’lumotlar davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.

2026 yil 1 oktyabrdan boshlab fuqaroning FIOsi yoki tug‘ilgan sanasi o‘zgarsa, davlat organlarining axborot tizimlaridagi ma’lumotlar avtomatik ravishda yangilanadi.

Qarorda voyaga yetmaganlar huquqini himoya qilishga oid o‘zgarish ham bor. Ular o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga da’vo kiritganda davlat bojidan ozod etiladi.

Reklama va shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlash qoidalarini buzgan shaxslarga qonunchilikka muvofiq javobgarlik belgilanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar